
Ishonchli insayderlarning sahifalarida Oppo Find X9 Ultra modeli tasvirlari paydo bo‘ldi. Shulardan biri bo‘lmish Smartprix smartfonning qanday dizaynda bo‘lishini ma’lum qildi.
Smartfon ikki qismga bo‘lingan orqa qopqoq va juda katta kamera bloki bilan boshqa flagmanlardan keskin farq qiladi. Ikki rangli versiyada shisha, metall va sun’iy charm uyg‘unlashadi. Qurilma dastlab kamida uch rangda – qora, yorqin to‘q sariq va jigarrang ikki rangli variantda sotuvga chiqadi, keyinchalik ranglar qatori kengaytirilishi mumkin.



Oppo Find X9 Ultra 6,82 dyuymli 2K OLED ekran, 120 Gts yangilanish chastotasi, Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori va Android 16 asosidagi ColorOS 16 tizimi bilan jihozlanadi. Smartfon 7300 mA·soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lib, tezkor simli va simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Modelda kamera imkoniyatlariga alohida urg‘u berilgan. Asosiy modulda 200 megapikselli Sony LYT-901 sensori, 50 megapikselli ultra keng burchakli modul, shuningdek, ikki teleobyektivdan iborat rivojlangan zum tizimi mavjud bo‘ladi: 200 megapikselli periskop modul 3 karra, 50 megapikselli teleobyektiv esa 10 karra optik zumni ta’minlaydi. Old kamera 50 megapikselli bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Oppo Find X9 Ultra smartfoni Xitoyda yilning ikkinchi choragi boshida taqdim etiladi, keyin boshqa bozorlar uchun ham chiqarila boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 440 dollarlik Oppo Reno15 FS smartfoni sotuvga chiqqan edi.