O‘zbekistonda ulgurji savdo aylanmasi 543 trillion so‘mdan oshdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda chakana va ulgurji savdo aylanmasi barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Milliy statistika qo‘mitasi bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshgan.
Mamlakatning chakana savdo tovar aylanmasi 482,4 trln so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11,2 foizga o‘sganini ko‘rsatadi. Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublikada chakana savdo sohasida faoliyat yuritayotgan tijorat korxonalari soni 86,1 mingtani tashkil etmoqda.
Ulgurji savdo yo‘nalishida ham ijobiy dinamika kuzatildi. Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida ulgurji savdo tovar aylanmasi 543,3 trln so‘mga yetgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 12,5 foizlik o‘sish demakdir. Savdoning ushbu tarmog‘ida ham tadbirkorlik subyektlari soni ortib bormoqda. Xususan, 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 51 667 ta ulgurji savdo korxonasi rasmiy faoliyat ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.