
TikTok ilovasining Xitoydagi egasi ByteDance kompaniyasi AQSh hududida bloklanish xavfini bartaraf etish maqsadida amerikalik investorlar nazoratidagi yangi qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvni yakunladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, yangi tashkil etilgan TikTok USDS Joint Venture LLC korxonasining 80.1 foiz ulushi Amerika va xalqaro investorlar qo‘liga o‘tadi. ByteDance kompaniyasi esa korxonada atigi 19.9 foiz ulushni saqlab qoladi. Asosiy investorlar qatorida Oracle, Silver Lake va Abu-Dabida joylashgan MGX kompaniyalari bo‘lib, ularning har biri 15 foizdan ulushga ega bo‘ldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu kelishuvni yuqori baholab, TikTok endilikda Buyuk Amerika vatanparvarlari va dunyodagi eng yirik investorlar guruhiga tegishli bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, u Xitoy rahbari Si Szinpinga ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Kelishuv texnologiya bozorida milliardlab dollar qiymatga ega aktivlarning qayta taqsimlanishiga olib kelishi kutilmoqda.
Foydalanuvchilar ma’lumotlari va ilova algoritmlari Oracle kompaniyasining AQShdagi bulutli serverlarida saqlanadi. Yangi tuzilma algoritmlarni qayta tayyorlash va yangilash vakolatiga ega bo‘ladi. ByteDance ilovaning reklama va elektron tijorat kabi daromad keltiruvchi operatsiyalarini alohida bo‘lim orqali boshqarishda davom etadi, biroq ma’lumotlar nazoratini yangi korxonaga topshiradi.
Kompaniya boshqaruviga Adam Presser bosh ijrochi direktor, Vill Farrell esa xavfsizlik bo‘yicha bosh direktor etib tayinlandi. TikTok global direktori Shou Tsu Chiv qo‘shma korxona direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TikTok Yevropada 13 yoshdan kichik bolalarning hisoblarini o‘chirib tashlashi haqida xabar bergan edi.