Yangiliklar

Yangilangan Chevrolet Onix, JSSTni tark etgan AQSh, Xorazmdagi «ko‘cha bezorilari» — 23-yanvarning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 23-yanvar kuni xorijda va O‘zbekistonda e’lon qilingan yangiliklarni bir joyga jamladi
Северный вокзал Ташкента
Foto: Sodikjon Akhmedov / Unsplash

Kursiv Uzbekistan 23-yanvar kuni xorijda va O‘zbekistonda e’lon qilingan yangiliklarni bir joyga jamladi.

2025-yilda O‘zbekistonda neft va benzin hajmi qisqardi

Foto: Getty Images

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 84,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 4 foizlik o‘sishni anglatadi. Biroq o‘sish sur’ati sekinlashdi: bir yil avval elektr ishlab chiqarish 5 foizga oshgan edi.

Yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish 3,2 mlrd kVt/soatga ko‘paygan. Shunga qaramay, yirik energetika korxonalarida ishlab chiqarish pasayishda davom etdi. Asosan, gazda ishlaydigan ushbu stansiyalarda elektr ishlab chiqarish 11,4 foizga qisqarib, 71 mlrd kVt/soatdan 62,9 mlrd kVt/soatgacha tushdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 7,8 foizga kamaygan edi.

Chevrolet Onix avtomobilining yangilangan versiyasi namoyish etildi — foto

Chevrolet Onix avtomobilining yangilangan versiyasi namoyish etildi
Foto: GMAutority

22-yanvar kuni Chevrolet Onix Track Day modeli Braziliyada rasmiy ravishda taqdim etildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda. Taqdimot General Motorsning Braziliyadagi 100 yillik tarixini nishonlashning bir qismi sifatida amalga oshirildi.

Chevrolet Onix Track Day GM Braziliyaning eng mashhur modeliga asoslangan bo‘lib, faqatgina trassada ishlatish uchun mo‘ljallangan maxsus prototip sifatida ishlab chiqilgan. Modelning o‘ziga xos dizayni, turbozaryadlangan 1.2L dvigateli va trassada ishlash uchun optimallashtirilgan mexanik sozlamalari bilan ajralib turadi.

Jahonda oltin narxi 4,9 ming dollardan oshdi

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 9,7 mln so‘mga chiqdi
Foto: depositphotos

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 23-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:17 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4 953 mingni tashkil etdi.

Grenlandiya bo‘yicha kelishuvdan so‘ng AQSh va Yevropa o‘rtasidagi keskinlik yumshatilganiga qaramay, oltin narxi oshmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ushbu o‘sishga siyosiy noaniqlik va kutilmalarning yumshashi sabab bo‘lgan.

2025-yilda banklardagi NPL miqdori 12 foizga kamaydi

NPL
Foto: MaksLab / depositphotos.com

1-yanvar holatiga ko‘ra, 2025-yil dekabr oyida banklardagi muammoli kreditlar (NPL) umumiy miqdori 18 trln so‘mga pasaygan. Bu ko‘rsatkich 1-dekabr bilan solishtirilganda 12 foizga foizga, ya’ni qariyb 2,5 trln so‘mga pasaygan. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 20,5 trln so‘mni tashkil etgandi.

Jami kreditlardagi NPL ulushi 3 foizga pasaydi. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 3,5 foizni tashkil qilgan. 1-yanvar holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli 604 trln so‘mni tashkil qilgan. Noyabr oyiga nisbatan 9 trln so‘mga oshgan.

O‘zbekistondagi to‘rtta oliygoh xalqaro reytingdan joy oldi

universitet
O‘zbekistondagi to‘rtta oliygoh xalqaro reytingdan joy oldi / Foto: Sun’iy intellekt

Buyuk Britaniyaning Times Higher Education reyting tashkiloti 2026-yil uchun fanlar bo‘yicha eng nufuzli universitetlar ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbekistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi mazkur ro‘yxatdan joy oldi.

TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti tabiiy fanlar, matematika va statistika bo‘yicha 301 – 400, muhandislik fanlari bo‘yicha 401 – 500 o‘rinlarni egalladi. O‘zbekiston milliy universiteti tabiiy fanlar, matematika va statistika fanlari bo‘yicha 801 – 1000 o‘rinlarni oldi.

Xorazmda «ko‘cha bezorilari» qo‘lga olindi

Foto: IIV videosidan kadr

Xorazmda fuqarolarni qo‘rqitib, ularga zo‘ravonlik qilib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV xabar bermoqda. Uchta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumondorlar qamoqqa olingan.

Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida Jommi Darital laqabi bilan tanilgan 29 yoshli shaxs 27 yoshli yigitning yo‘lini to‘sib, hech qanday sababsiz uni urib, tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchining ichki ishlar organlariga murojaat qilishi asosida surishtiruv boshlanganidan so‘ng u yana ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazishga uringan. Tezkor xodimlar tomonidan uning yonidan 3 gramm marixuana topilib, rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston 2025-yilda 1,2 million tonna benzin ishlab chiqardi

Foto: Pexels.com

Statistika agentligi 2025-yil yakunlari bo‘yicha sanoat ishlab chiqarishining dastlabki ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi 1,2 mln tonnani tashkil etgan.

Rasmiy hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yil davomida energetika va yonilg‘i sanoatida barqaror ishlab chiqarish sur’atlari kuzatilgan. Xususan, tabiiy gaz qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrga yetgan bo‘lsa, ko‘mir sanoatida bu ko‘rsatkich 8,9 mln tonnani tashkil qilgan.

Jahon banki Markaziy Osiyoda yagona elektr energiyasi bozorini yaratish uchun 1 mlrd dollar ajratadi

Misr 2030-yilgacha elektr energiyasining 42%ini qayta tiklanuvchi manbalardan olmoqchi
Foto: Britannica

Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun $1 mlrd ajratiladi. Jahon banki «Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi» (REMIT) dasturini tasdiqladi. Dastur 10 yil davom etadi va mintaqada birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratishga qaratilgan.

Dasturning birinchi bosqichida energiya tizimlarining integratsiyasi va savdoni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining «Energiya» muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga umumiy qiymati $143,2 millionlik grantlar va imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mablag‘larning $140 millioni Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va $3,2 millioni Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

AQSh JSSTni rasman tark etdi

AQSh JSSTni rasman tark etdi
Foto: ABC News

AQSh rasmiy ravishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan chiqdi. Donald Tramp bir yil oldin JSSTdan chiqish uchun qaror imzolagan edi. U pandemiya davrida tashkilotni Xitoyga yo‘naltirilgan deb tanqid qilgan edi.

Pandemiya ortidan JSST a’zo davlatlari kelajakdagi pandemiyalarga tayyor turish, vaksinalar va dori-darmonlarni adolatli bo‘lishini ta’minlash uchun xalqaro pandemiya bitimini ishlab chiqishga harakat qilishdi. Ushbu bitim 2022-yil aprelida barcha a’zo davlatlar tomonidan tasdiqlandi, lekin AQSh bu jarayondan tashqarida qoldi.

Axborot xizmati rahbarlari har uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi

Foto: Pexels

Axborot xizmati rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Ular endi har uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Attestatsiya o‘tkazish uchun Markaz direktori tomonidan kamida yetti kishidan iborat attestatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya talabgorlarning ro‘yxatini taqdim etish uchun davlat organlari va tashkilotlaridan murojaat qiladi.