Yangiliklar

G‘arb aviakompaniyalari Isroil va Fors ko‘rfaziga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Reyslar bekor qilinishi Isroil Erongа zarba berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida ogohlantirganidan so‘ng kuzatildi
Foto: Adobe Stock

Yirik G‘arb aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi xavfsizlik xatarlarining kuchayishi fonida Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Ta’kidlanishicha, reyslar bekor qilinishi Turkiya tashqi ishlar vaziri Isroil Erongа zarba berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida ogohlantirganidan so‘ng kuzatildi. 23-yanvardan boshlab KLM Royal Dutch Airlines, Air France, British Airways, Lufthansa hamda Swiss International Air Lines Tel-Avivga parvozlarni bekor qildi.

Ayrim aviatashuvchilar Dubay, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshiriladigan reyslarni ham vaqtincha to‘xtatgan. Bekor qilishlar payshanba kuni kechqurun boshlangan bo‘lib, dam olish kunlari davomida Yevropa va Shimoliy Amerikadagi minglab yo‘lovchilarga ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, Air Canada Isroilga rejalashtirilgan to‘rtta reysni bekor qilgan, United Airlines esa mamlakatga parvozlarni to‘liq to‘xtatgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, reyslarning bir vaqtda bekor qilinishi aviakompaniyalar mintaqadagi xavfsizlik bo‘yicha umumiy razvedka baholashlariga tayanganini ko‘rsatadi.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri David van Vilning aytishicha, KLM mintaqadagi harbiy kuchlarning ko‘payishi va AQSh harakatlarining oldindan aytib bo‘lmasligi sabab xavflarni mustaqil baholashga majbur bo‘lmoqda. Uning ta’kidlashicha, agar yaqin kunlarda vaziyat keskinlashishi ehtimoli mavjud bo‘lsa, ehtiyot choralarini ko‘rish mantiqan to‘g‘ri qaror hisoblanadi.

Yanvar oyida ham British Airways, Wizz Air, Flydubai va Lufthansa Group Yaqin Sharqning ayrim yo‘nalishlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan yoki cheklagan edi. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp har ehtimolga qarshi Eron tomonga AQShning yirik harbiy floti yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Etihad Airways dunyoning eng xavfsiz aviakompaniyasi deb topilgani haqida xabar bergan edi.