Goldman Sachs 2026-yil oxiri uchun oltin prognozini 5,4 ming dollarga koʻtardi

eʼlon qilindi
Bundan oldingi prognoz $4,9 ming darajasida edi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 9,7 mln so‘mga chiqdi
Foto: depositphotos

Goldman Sachs banki 2026-yil oxiriga borib oltin narxi bir unsiya uchun $5,4 mingga yetishini prognoz qilmoqda. Bu haqda bank tahlilchilarining 21-yanvarda e’lon qilingan hisobotida aytiladi.

Bundan oldingi prognoz $4,9 ming darajasida edi, oltin narxi bu darajadan allaqachon oshdi. Goldman Sachs tahlilchilarining ta’kidlashicha, prognozning yangilanishi xususiy investorlar tomonidan oltinga diversifikatsiya faol bosqichga oʻtgani bilan bogʻliq. Bank fikricha, makroiqtisodiy siyosatga oid xavflardan himoya sifatida oltin sotib olgan investorlar yil oxirigacha oʻz pozitsiyalarini saqlab qolishi mumkin.

Hisobotda soʻnggi 12 oy ichida oltin narxi 70 foizdan ortiqqa oshgani qayd etilgan. Geosiyosiy beqarorlik, urushlar, global kuchlar muvozanatining oʻzgarishi hamda AQSh prezidenti Donald Trampning Federal rezerv siyosatiga nisbatan tanqidlari investorlarni xavfsiz aktivlarga yoʻnaltirmoqda.

Goldman Sachs ma’lumotlariga koʻra, 2026-yilda markaziy banklar oyiga oʻrtacha 60 tonna oltin xarid qilishi kutilmoqda. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar pul-valyuta zaxiralarini oltin hisobidan diversifikatsiya qilishda davom etishi mumkin.

Shu bilan birga, Gʻarb davlatlaridagi ETF fondlarida oltin zaxiralari 2025-yil boshidan buyon 500 tonnadan ortiqqa koʻpaygan. Bu oʻsish faqatgina AQShda foiz stavkalarining pasayishi bilan izohlanmasligi qayd etilgan.

Bankning ta’kidlashicha, uzoq muddatli budjet va pul-kredit siyosatiga oid noaniqliklar saqlanib qolsa, oltin narxi uchun xavflar, asosan, yuqori tomonga yoʻnaltirilgan. Shu bilan birga, agar global makrosiyosiy xavflar keskin pasaysa, oltinga boʻlgan talab qisqarishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan jahonda oltin narxi $4,9 mingdan oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek