
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Global Firepower Indexʼning yangilangan reytingida ma’lum qilindi.
Reytingga koʻra, Oʻzbekiston dunyodagi 145 ta davlat orasida 53-oʻrinni egalladi. Mamlakat harbiy salohiyati bilan mintaqada yetakchilik qilib, qoʻshni davlatlardan yuqori natija qayd etdi. Xususan, Qozogʻiston 58-oʻrin, Turkmaniston 78-oʻrin, Tojikiston 100-oʻrin, Qirgʻiziston esa 109-oʻrindan joy olgan.
Global Firepower ma’lumotlariga koʻra, Oʻzbekiston armiyasi tarkibida 120 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar mavjud. Qurolli kuchlar ixtiyorida 159 ta aviatsiya texnikasi, 470 ta tank hamda 8,6 mingdan ortiq turli xil zirhli texnika bor.
Reytingni shakllantirishda 60 dan ortiq koʻrsatkichlar inobatga olgan. Ular orasida harbiy xarajatlar, shaxsiy tarkib soni, jangovar texnika, logistika imkoniyatlari, yonilgʻi zaxiralari va geografik omillar mavjud.
Reytingda dunyo boʻyicha eng kuchli harbiy salohiyatga ega davlatlar qatorida AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya yetakchilik qilgan. Top-10 roʻyxatdan, shuningdek, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya ham joy olgan.
Eng quyi pogʻonalarda esa Butan, Beliz va Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlar qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda bir oylik harbiy xizmat narxi salkam 9 million soʻm boʻlgani haqida xabar bergan edi.