Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 147 mlrd dollardan oshdi — Statistika qoʻmitasi

2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) 7,7 foizga oʻsib, 1 849,7 trillion soʻm yoki $147 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi hisobotida maʼlum qilindi.
Qoʻmitaning maʼlumotlarida keltirilishicha, bu kutilgan 6 foizlik prognozdan yuqori. AQSh dollarining oʻrtacha kursi 12 575,9 soʻm boʻlganini hisobga olganda, YIM hajmi $147,08 mlrdga teng boʻldi. 2024-yilda bu koʻrsatkich $115 mlrd edi. Aholi jon boshiga YIM 48,4 mln soʻm, yaʼni $3,8 mingni tashkil etdi.
Iqtisodiy oʻsishga eng katta hissa xizmatlar sohasiga toʻgʻri keldi. Ushbu sektor yil davomida 8,5 foizga oʻsib, umumiy oʻsishga 3,9 foiz band qoʻshdi. Savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari 12 foizga, transport, axborot va aloqa yoʻnalishlari esa 14,5 foizga oshdi.
Sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga oʻsib, 1 101,1 trillion soʻmga yetdi. Ishlab chiqarish sanoati hajmi 7,7 foizga oshdi. Elektr jihozlari ishlab chiqarish 20,4 foizga koʻpaydi. Shu bilan birga, neft va gaz qazib olish hamda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda pasayish qayd etildi.
Qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 538,9 trillion soʻmni tashkil etib, 4,4 foizga oʻsdi. Paxta yetishtirish 25,4 foizga, don 13 foizga, poliz ekinlari 16,2 foizga koʻpaydi.
2025-yil oxirida inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etdi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 10,5 foizga oshib, 591,1 trillion soʻmga yetdi. Toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 47 foizga oʻsdi.
Chakana savdo aylanmasi 11,2 foizga koʻpayib, 482,4 trillion soʻmga yetdi. Savdoning qariyb 74 foizi kichik biznes hissasiga toʻgʻri keldi. Qurilish ishlari hajmi ham 14 foizdan oshiqroqqa koʻpaydi.
Tashqi savdo aylanmasi $81,2 mlrdga yetib, 20,7 foizga oʻsdi. Eksport $33,8 mlrdni, import esa $47,4 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq prezident Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida yalpi ichki mahsuloti $145 milliarddan oshgani haqida maʼlum qilgan edi.