Yangiliklar

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan avtomobillarda taksi qilish cheklanishi mumkin

Loyiha jamoatchilk muhokamasiga qo‘yilgan
Taksi
Foto: Depositphotos

Oʻzbekiston shaharlarida yoʻnalishsiz taksilar uchun avtomobillarning foydalanish muddati 15 yildan oshmasligi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bu talab Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qoʻygan «Transport toʻgʻrisida»gi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga koʻra, shaharlarda yoʻlovchi tashiydigan yoʻnalishsiz taksilar texnik holati va jihozlari yoʻl harakati xavfsizligi talablariga toʻliq mos boʻlishi shart. Xususan, avtomobil ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshmagan boʻlishi kerak.

Hujjatda bu cheklov yoʻlovchilar xavfsizligini oshirish, texnik nosoz transport vositalaridan foydalanishni kamaytirish hamda shahar transport xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan. Shuningdek, yoʻnalishsiz taksilarda majburiy sugʻurta boʻlishi, elektron toʻlovlar qabul qilinishi va taksometr funksiyasini bajaruvchi maxsus ilovalar joriy qilinishi talab etiladi.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, shaharlarda eskirgan avtomobillarda yoʻlovchi tashish amaliyoti bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin.

Loyihada, shuningdek, shahar yoʻlovchi transporti yoʻnalishlarini tashkil etish, oʻzgartirish va yopish tartibi aniqlashtirilmoqda. Yangi yoʻnalishlar ochish yoki amaldagilarini yopish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, shahar yoʻlovchi transportida yoʻnalishlarni biriktirish elektron axborot tizimi orqali oʻtkaziladigan ochiq tenderlar asosida belgilanishi koʻzda tutilgan. Tenderlarda tegishli litsenziyaga ega va elektron tizimda roʻyxatdan oʻtgan barcha yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda taksi xizmatlari narxlari bir yilda 12 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.