Yangiliklar

Oʻzbekistonda bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun umrbod jazo joriy etilishi mumkin

«Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan
Foto: ekakeyen@gmail.com / depositphotos.com

Oʻzbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish tizimi yanada kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili doirasida hamda «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatga koʻra, 14 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun jazolar keskin kuchaytiriladi. Xususan, bunday jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha boʻlgan jazo choralarini belgilash taklif qilinmoqda.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zoʻravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga oʻtkaziladi. Shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tergovchi va sudyalar koʻrib chiqishi belgilangan.

Loyihada nikoh yoshiga yetmagan shaxsni unashtirishda ishtirok etgan ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, shuningdek, noqonuniy nikohni targʻib qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik joriy etish ham koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, oila va xotin-qizlar maskanlarida yosh nikohlanuvchilar uchun maxsus oʻquv dasturlarining qamrovi kengaytiriladi. Rejaga koʻra, yosh nikohlanuvchilarning kamida 40 foizi ushbu dasturlar bilan qamrab olinadi.

Mazkur normalarni 2026-yil 1-apreldan boshlab amaliyotga joriy etish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 3-sinf qizni zo‘rlagan pedofilga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edi.