YIM 147 mlrd dollardan oshdi, Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda yetakchi, Rossiya Oʻzbekistonga gaz eksportini 30 foizga oshirdi — 24-yanvar kuni e’lon qilingan yangiliklar

Kursiv Uzbekistan 24-yanvar kuni xorijda va O‘zbekistonda e’lon qilingan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 147 mlrd dollardan oshdi

2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) 7,7 foizga oʻsib, 1 849,7 trillion soʻm yoki $147 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Qoʻmitaning ma’lumotlarida keltirilishicha, bu kutilgan 6 foizlik prognozdan yuqori. AQSh dollarining oʻrtacha kursi 12 575,9 soʻm boʻlganini hisobga olganda, YIM hajmi $147,08 mlrdga teng boʻldi. 2024-yilda bu koʻrsatkich $115 mlrd edi. Aholi jon boshiga YIM 48,4 mln soʻm, ya’ni $3,8 mingni tashkil etdi.
Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda eng kuchli deb topildi

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Global Firepower Indexʼning yangilangan reytingida ma’lum qilindi.
Reytingga koʻra, Oʻzbekiston dunyodagi 145 ta davlat orasida 53-oʻrinni egalladi. Mamlakat harbiy salohiyati bilan mintaqada yetakchilik qilib, qoʻshni davlatlardan yuqori natija qayd etdi. Xususan, Qozogʻiston 58-oʻrin, Turkmaniston 78-oʻrin, Tojikiston 100-oʻrin, Qirgʻiziston esa 109-oʻrindan joy olgan.
Rossiya 2025-yilda Oʻzbekistonga gaz eksportini 30 foizga oshirdi

2025-yilda Rossiya Oʻzbekistonga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmini 30 foizga oshirdi. Yil davomida mamlakatga 7 mlrd kub metrdan ortiq gaz eksport qilingan. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (IEA) hisobotida qayd etilgan.
Rossiya gazi Qozogʻiston hududi orqali «Markaziy Osiyo – Markaz» gaz quvuri orqali yetkazib berilgan. Oʻtgan yil davomida «Gazprom» Oʻzbekistonga jami 7,7 mlrd kub metr gaz yetkazib berishni rejalashtirgan boʻlib, bu 2024-yil koʻrsatkichidan qariyb 2 mlrd kub metrga koʻpdir.
Goldman Sachs 2026-yil oxiri uchun oltin prognozini 5,4 ming dollarga koʻtardi

Goldman Sachs banki 2026-yil oxiriga borib oltin narxi bir unsiya uchun $5,4 mingga yetishini prognoz qilmoqda. Bu haqda bank tahlilchilarining 21-yanvarda e’lon qilingan hisobotida aytiladi.
Bundan oldingi prognoz $4,9 ming darajasida edi, oltin narxi bu darajadan allaqachon oshdi. Goldman Sachs tahlilchilarining ta’kidlashicha, prognozning yangilanishi xususiy investorlar tomonidan oltinga diversifikatsiya faol bosqichga oʻtgani bilan bogʻliq. Bank fikricha, makroiqtisodiy siyosatga oid xavflardan himoya sifatida oltin sotib olgan investorlar yil oxirigacha oʻz pozitsiyalarini saqlab qolishi mumkin.
G‘arb aviakompaniyalari Isroil va Fors ko‘rfaziga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Yirik G‘arb aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi xavfsizlik xatarlarining kuchayishi fonida Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi.
Ta’kidlanishicha, reyslar bekor qilinishi Turkiya tashqi ishlar vaziri Isroil Erongа zarba berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida ogohlantirganidan so‘ng kuzatildi. 23-yanvardan boshlab KLM Royal Dutch Airlines, Air France, British Airways, Lufthansa hamda Swiss International Air Lines Tel-Avivga parvozlarni bekor qildi.