
24-yanvar kuni Angliya Premyer-ligasining 23-turi doirasida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Vulverhempton» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va to‘liq o‘yin davomida barqaror harakat qildi.
O‘yin boshidanoq «Manchester Siti» tashabbusni qo‘lga oldi. Jamoa to‘pni nazorat qildi va yuqori temp o‘rnatdi. «Vulverhempton» past blokda himoyalanib, hujumga kam chiqdi. Husanov himoyada xotirjam o‘ynadi va uzoq paslar orqali hujumlarni boshlab berdi. Bosim tezda samara berdi. Umar Marmush qanotdan uzatilgan to‘pni aniq yakunlab, hisobni ochdi.

Birinchi bo‘lim yakuniga yaqin «Manchester Siti» ustunligini oshirdi. Antuan Semenyo jarima maydonida Bernardu Silva uzatmasidan so‘ng aniq zarba bilan ikkinchi golni kiritdi. Tanaffusdan keyin Gvardiola shogirdlari ehtiyotkor o‘yin namoyish etdi va vaziyatni to‘liq nazorat qildi.

Ikkinchi bo‘limda «Vulverhempton» bir necha bor gol urishga yaqin keldi. Biroq to‘sin va mezbonlarning ishonchli himoyasi hisobni o‘zgartirmadi. Abduqodir Husanov standart vaziyatlarda ham aniq harakat qildi va yakkama-yakka kurashlarning ko‘pida ustun keldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Erling Holand Championat.Asia portaliga bergan intervyusida jamoadoshi Abduqodir Husanov ingliz tilini o‘rganib olganini ayganini yozgan edi.