Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘lik holda topildi

Turkiyaning Istanbul shahrida 37 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘lik holda topildi. Voqea yuzasidan ma’lumotni O‘zbekiston Bosh konsulligi rasman tasdiqladi.
Konsullik ma’lumotiga ko‘ra, 24-yanvar kuni kechqurun marhumaning jasadi choyshabga o‘ralgan holda chiqindi konteyneridan topilib, politsiyaga topshirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiyot ekspertizasi markazi va prokuratura ishtirokidagi qo‘shma tekshiruvlar natijasida jabrlanuvchining shaxsi aniqlangan.
Tergov doirasida dastlab Turkiyadan Gruziyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan ikki kishi qo‘lga olingan. Turkiyaning Birgün nashri xabariga ko‘ra, ular 31 va 29 yoshdagi O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Keyinchalik ish bo‘yicha uchinchi gumonlanuvchi ham ushlangan bo‘lib, u 58 yoshli Turkiya fuqarosi ekani qayd etildi.
Mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Konsullik jarayonni kuzatayotgani va zarur hollarda huquqiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Turkiyada IShIDga aloqador 115 nafar shaxs qo‘lga olingani haqida yozgan edi.