Avto

Jetour T2 avtomobilining afzallik va kamchiliklari ochiqlandi

Eng ko‘p tilga olinayotgan afzalliklar orasida sovuq havoda ishonchli ishga tushishi bor
Jetour T2
Foto: Jetour

Threads ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchi Yuriy Kojyevnikov Jetour T2 egalariga savol bilan murojaat qildi. Post ostida 130 dan ortiq izoh qoldirildi va ularning aksariyati ijobiy bo‘ldi.

Foydalanuvchilar nimalarni yoqtirgan

Jetour T2 egalari krossover ko‘plab jihatlari bilan ijobiy taassurot qoldirganini ta’kidlashmoqda. Ayniqsa, Xitoy avtomobillariga nisbatan ehtiyotkor munosabatda bo‘lgan haydovchilar uchun model kutilmagan darajada ishonchli bo‘lib chiqqan.

Foto: Jetour

Eng ko‘p tilga olinayotgan afzalliklar orasida sovuq havoda ishonchli ishga tushishi bor. Ayrim haydovchilar avtomobil –40 darajagacha bo‘lgan sovuqda muammosiz yurganini bildirgan. Elektron tizimlar barqaror ishlashi ham ijobiy baholangan.

Shuningdek, krossoverning osmasi qulay, trassada esa barqaror harakatlanishi alohida qayd etilgan. Loy va yumshoq tuproq sharoitida o‘tkazuvchanligi yetarli darajada ekani aytilmoqda. Jihozlanish darajasi ham ko‘pchilikni qoniqtirgan. O‘rindiqlar, rul va oynalarning qizdirilishi, samarali pechka va konditsioner ijobiy baholangan.

245 ot kuchiga ega dvigatelga qaramay, yoqilg‘i sarfi ham maqbul darajada ekani ta’kidlanmoqda. Ayrim haydovchilar Jetour T2’ni undan ancha qimmat modellarga, jumladan Range Rover bilan solishtirib, kundalik foydalanishda umidsizlik keltirmaganini yozgan.

Kamchiliklar va e’tirozlar

Tanqidiy fikrlar ham mavjud, biroq ular ko‘proq qulaylik va amaliy jihatlarga tegishli. Eng ko‘p eslatilayotgan minuslardan biri bagaj hajmining kichikligi hisoblanadi. Sayohatni yoqtiradigan haydovchilar uchun bu noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Foto: Threads

Panoramali tom ham bahsli jihat sifatida tilga olinmoqda. Ayrim egalarga ko‘ra, u g‘ichirlash yoki vaqt o‘tib suv o‘tkazish manbaiga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, tomdan kam foydalanilishi sababli uning foydaliligi savol ostiga olingan.

Kuzov shaklining burchakli ekani aerodinamik qarshilikni oshiradi. Bu ayniqsa tomga yuk qutisi o‘rnatilganda yoqilg‘i sarfining ko‘payishiga olib kelishi qayd etilgan. Ko‘plab funksiyalarning sensorli ekran orqali boshqarilishi hamma haydovchilarga ham ma’qul kelmagan. O‘rindiqlar shakli va robotlashtirilgan uzatmalar qutisi ham ayrim egalarga mos tushmagan.

Biroq haydovchilar bu kamchiliklar jiddiy emasligini va umumiy taassurotni keskin yomonlashtirmasligini ta’kidlashmoqda.

Narxlar va bozor holati

Qozog‘istonda to‘liq yuritmali Jetour T2 mahalliy yig‘imda ikki komplektatsiyada taklif qilinadi. Boshlang‘ich versiya narxi 16 mln tenge bo‘lib, bu qariyb 385,8 mln so‘mni tashkil etadi. Yuqori komplektatsiya 17,9 mln tengega baholanmoqda, bu esa taxminan 431,6 mln so‘mga teng. Modelning O‘zbekistondagi narxi o‘rtacha 450 mln so‘mni tashkil etadi.

Foto: Jetour

Model haqida

Jetour T2 Xitoyning Chery konserniga qarashli Jetour brendi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘rta o‘lchamdagi krossover hisoblanadi. Model ilk bor 2023-yilda taqdim etilgan va brendning yo‘ldan tashqarida yurishga moyil dizayn konsepsiyasiga asoslangan. Jetour T2 tashqi ko‘rinishda burchakli kuzov, baland klirens va kuchli optika bilan ajralib turadi, bu esa uni klassik shahar krossoverlaridan farqlaydi.

Avtomobil texnik jihatdan turbo dvigatel bilan jihozlangan. Ayrim bozorlar uchun 2,0 litrli benzin dvigateli taklif qilinadi, u taxminan 245 ot kuchi ishlab chiqaradi. Ushbu dvigatel robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan ishlaydi va to‘liq uzatma tizimi mavjud. Konstruktsiya yo‘l va yengil off-road sharoitlarida barqaror harakatlanishga moslangan.

Foto: Jetour

Jetour T2 saloni zamonaviy elektronika va raqamli boshqaruv tizimlariga tayanadi. Markaziy sensorli ekran orqali asosiy funksiyalar boshqariladi, haydovchi uchun raqamli asboblar paneli taqdim etilgan. Ko‘plab bozorlarda model o‘rindiqlarni isitish, rulni qizdirish, ikki zonali iqlim nazorati va haydovchiga yordam beruvchi elektron tizimlar bilan taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda taqdim etilgan noodatiy avtomobillar haqida yozgan edi.