Avto

Sinov paytida yangilangan Hyundai Santa Fe yonib ketdi

Hodisa kompaniya zavodlaridan biri yaqinida sodir bo‘lgan
Sinov paytida yangilangan Hyundai Santa Fe yonib ketdi
Foto: SI yordamida yaratilgan

Janubiy Koreyada o‘tkazilgan rejalangan test-drayv vaqtida yangilangan Hyundai Santa Fe prototipi birdaniga yonib ketdi. Bu haqda Hotcars ma’lum qildi.

Hodisa kompaniya zavodlaridan biri yaqinida sodir bo‘lgan. Hotcars nashriga ko‘ra, harakat boshlanganidan ko‘p o‘tmay kapot ostidan quyuq tutun chiqqan. Haydovchi mashinani to‘xtatib, salonni tark etishga ulgurgan. Avtomobil esa deyarli butunlay yongan.

Foto: Hotcars

Voqea jamoatchilik e’tiborini tortdi. Sababi yonib ketgan avtomobil restaylingdan o‘tgan, ya’ni texnik jihatdan katta o‘zgarishlar kutilmaydigan model edi. Mutaxassislarning fikricha, bunday yangilanishlar odatda dvigatel yoki elektr tizimiga jiddiy aralashuvsiz amalga oshiriladi. Shu bois hodisa mavjud avlod avtomobillarida ham yashirin texnik muammo bo‘lishi mumkin degan xavotirlarni kuchaytirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokamalar boshlangan. Ayrim foydalanuvchilar hozirda yo‘llarda harakatlanayotgan Santa Fe egalari uchun bu holat signal bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Egalar orasida ehtiyot choralariga kuchaytirilgan e’tibor paydo bo‘ldi.

Foto: Hotcars

Yong‘inning aniq sababi hozircha ma’lum emas. 2025-yilda kompaniya 140 mingga yaqin Hyundai Santa Fe avtomobilini starterdagi nosozlik sabab chaqirib olgan edi. O‘shanda muammo yo‘l-transport hodisasi vaqtida yong‘in chiqishiga olib kelishi mumkinligi aytilgan. Ammo bu safar to‘qnashuv bo‘lmagan, shu sababli eski muammo bilan bog‘liqligi tasdiqlanmayapti.

Hyundai Santa Fe / Foto: Hyundai

Shuningdek, sinovdan o‘tayotgan prototip qaysi texnologiya bilan jihozlangani ham ochiqlanmagan. U an’anaviy ichki yonuv dvigatelimi yoki yangi, yurish masofasi oshirilgan gibrid tizimmi ekani noma’lum. Hyundai vakillari avtomobil ekspertizaga yetkazilgach, batafsil tekshiruv o‘tkazilishini va rasmiy xulosa berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o’tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Staria Camper avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.