Yangiliklar

Xorazm va Andijonda jinoiy holatlar fosh etildi

Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: Pexels

Xorazm viloyatida o‘zlarini «ko‘cha yetakchisi» sifatida ko‘rsatib, zo‘ravonlik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Urganch va Xiva shaharlari hamda Bog‘ot tumanida yashovchi, 1991, 1996 va 1997-yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaro o‘z hududlarida «ko‘cha yechimi»ga aralashib, turli jinoyatlar sodir etib kelgani aniqlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida ularning har biriga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, viloyatning Yangiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1965-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida qimor o‘yinlarini tashkil qilgani fosh etildi. Tadbir vaqtida qimor o‘ynayotgan besh nafar shaxsdan jami 32 mln so‘m pul mablag‘i va o‘yin kartalari olib qo‘yildi. Ushbu shaxslar qonun oldida javob beradi.

Narkojinoyatlarga qarshi kurash doirasida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1950-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro qo‘lga olindi. U o‘z yashash xonadonida kelgusida sotish maqsadida 20 kg 400 gramm marixuana giyohvandlik vositasini saqlab kelgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda firibgarlik holati fosh etilgani haqida yozgan edi.