
AQShning Sharqiy va Janubiy hududlarini qamrab olgan kuchli qor bo‘roni kamida yetti kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Millionga yaqin aholi esa elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Bo‘ron Meksika qo‘ltig‘i sohillaridan shimoli-sharqiy shtatlarga qadar keng hududni qamrab oldi va 10 mingdan ziyod aviareyslar bekor qilindi.
Luiziana shtati Kaddo okrugida ikki erkak gipotermiya oqibatida vafot etdi, Nyu-York shahrida esa kamida besh kishi sovuq harorat tufayli jon berdi. Shahar meri Zohran Mamdani bo‘ron Nyu-Yorkda so‘nggi sakkiz yildagi eng uzoq davom etuvchi sovuqni olib kelganini ta’kidladi.
Milliy ob-havo xizmati Yangi Angliya hududida 45 sm gacha qor yog‘ishi, Mid-Atlantika va Ogayo – Tennessi vodiylarida esa muzli yomg‘ir tushishini oldindan ogohlantirdi. Prezident Donald Tramp esa bir nechta shtatlarda favqulodda holat e’lon qildi.
25-yanvarga kelib, Tennessi, Missisipi, Luiziana va Texas shtatlarida qariyb 900 ming iste’molchi elektrsiz qoldi. Energetika vazirligi zaxira quvvatlardan foydalanishga ruxsat berdi.
Milliy ob-havo xizmati aholini ehtiyot choralarini kuchaytirishga chaqirdi, chunki janubi-sharqiy shtatlarda muz qatlamining keng miqyosda hosil bo‘lishi falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Filippinda parom cho‘kishi oqibatida 15 kishi vafot etgani haqida yozgandi.