Avto

Audi kompaniyasi yangilangan A5 va Q5 modellarini taqdim etdi

Yangilangan Audi A5 2026 va Audi Q5 2026 savdosi AQShda joriy chorak oxirigacha boshlanishi kutilmoqda
Foto: Audi

Audi kompaniyasi AQshda yangilangan A5 va Q5 modellarini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.

Asosiy o‘zgarishlar salon va elektronika bilan bog‘liq. Eng muhim yangiliklardan biri ruldagi mexanik boshqaruv elementlarining qaytishi bo‘ldi. Yangi to‘rt spisali rulda sensorli tugmalar saqlangan, biroq endi ikkita jismoniy aylantirma skroll g‘ildiragi ham mavjud.

Audi Digital Stage interfeysi ham qayta ishlangan. Menyular soddalashtirilgan, ro‘yxatlar qisqargan, grafikalar esa yanada tushunarli bo‘lgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan mantiq haydash paytida chalg‘ituvchi omillarni kamaytiradi. Raqamli asboblar paneli bir nechta ko‘rinish rejimini qo‘llab-quvvatlaydi, smartfon interfeysini esa to‘g‘ridan to‘g‘ri shu panelda aks ettirish mumkin.

Foto: Audi

Old yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan ekran ham yangilandi. Endi u Bluetooth quloqchinlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yo‘lovchiga haydovchiga xalaqit bermagan holda video tomosha qilish yoki musiqa tinglash imkonini beradi.

Audi A5 2026 uchun S Sport osmasi, Bang & Olufsen audiotizimi va 19 dyuymli g‘ildiraklarga ega qora bezakli S line Black paketi taklif etiladi.

Audi Q5 2026 ham shunga o‘xshash S line Black paketini olgan, biroq bu yerda 20 dyuymli g‘ildiraklar va qo‘shimcha qora eksteryer elementlari mavjud.

Amaliy yangiliklar orasida zavoddan o‘rnatilgan videoregistrator ham bor. U orqa ko‘zguga yaqin joylashtirilgan, multimediya tizimi orqali boshqariladi va videolar SD-kartaga yoziladi. Park Assist Pro tizimi ham takomillashtirilgan.

Foto: Audi

Endi avtomobil orqaga harakatlanayotganda mustaqil ravishda rulni boshqara oladi va xususiy hududlarda 200 metrgacha bo‘lgan beshta parkovka marshrutini yodlab, keyinchalik ularni avtonom tarzda bajaradi. Ushbu funksiyalar oxirgi BMW modellariga o‘xshash tarzda ishlaydi.

Yangilangan Audi A5 2026 va Audi Q5 2026 savdosi AQShda joriy chorak oxirigacha boshlanishi kutilmoqda. Audi A5’ning boshlang‘ich narxi $50,2 mingni tashkil etadi va bu 2025-yilgi modeldan $0,5 ming qimmatroq. Audi Q5 esa $52,8 mingdan taklif qilinmoqda, narx $0,6 mingga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi A6L avtomobili taqdim qilingani haqida yozgan edi.