
BMW kompaniyasi elektr avtomobillar davrida sport avtomobillariga xos tovushni saqlash usulini ishlab chiqdi. Bu haqda Motor1 nashri ma’lum qildi.
Kompaniyaning yangi elektr M3 modeli kapoti ostida benzinli dvigatel ishlayotgandek tovush chiqarishi kutilmoqda. BMW Blog tomonidan e’lon qilingan videorolikda klassik dvigatellar tovushi yuqori aniqlikdagi mikrofonlar yordamida yozib olinishi ko‘rsatilgan.
Yangi modelning «tovush banki»ga M4 GTS (F82) biturbinali «oltiligi», M3 GTS (E92) atmosferali V8 dvigateli va M6 (E64) 5,0 litrli V10 dvigatelining shovqini kiritiladi.



Muhandislar shunchaki yozuvni karnaylar orqali ijro etish bilan cheklanmay, tarixiy tovushni elektr dvigatellarning tabiiy shovqini bilan birlashtiruvchi murakkab gibrid aralashma yaratdi.
Elektr M3 modeli kelasi yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, u 108,7 kV·soat sig‘imli batareya va to‘rtgacha elektr dvigatelga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, an’anaviy benzinli M-seriya modellari kamida 2028-yilgacha ishlab chiqarishda qoladi.



Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMW 4-seriyasining uchinchi avlodini ishlab chiqishni boshlagani haqida xabar bergan edik.
