Yangiliklar

Dunyodagi eng katta olmos, Kobi Brayant fojiasi va Joze Mourinyo – kun tarixi

26-yanvarda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: SI yordamida yaratilgan

26-yanvar sanasi tarixda eng yirik olmosning topilishi, televideniyening ilk namoyishi va sport olamidagi qayg‘uli yo‘qotishlar bilan muhrlangan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: SybilSez

1905-yili Janubiy Afrikadagi «Premer» konida og‘irligi 3106 karat (621,35 gramm) bo‘lgan, insoniyat tarixidagi eng yirik — «Kullinan» olmosi topildi. Kon egasi Tomas Kullinan sharafiga nomlangan ushbu nodir tosh keyinchalik Britaniya qiroli Eduard VII ga sovg‘a qilingan va Amsterdamda qayta ishlanib, 9 ta yirik hamda 96 ta mayda brilliantga aylantirilgan. Ularning eng kattasi — «Afrika yulduzi» bugungi kunda Britaniya qirollik asosinini bezab turibdi.

Foto: CTech

1921-yili yaponiyalik mashhur tadbirkor, «Sony» korporatsiyasi asoschilaridan biri Akio Morita dunyoga keldi. U o‘zining innovatsion g‘oyalari, xususan, «Walkman» portativ pleyerlarini yaratish orqali musiqa va texnologiya olamida haqiqiy inqilob qildi. Morita yapon mahsulotlarining sifat ramzi sifatida dunyoga tanilishida va «Made in Japan» brendining yuksalishida beqiyos hissa qo‘shgan shaxs hisoblnadi.

Foto: Time Magazine

1926-yili shotlandiyalik ixtirochi Jon Logi Berd Londonda Qirollik instituti olimlari oldida dunyoda birinchi bo‘lib harakatlanuvchi tasvirni masofaga uzatish imkonini beruvchi televizion tizimni namoyish etdi. Garchi ilk tasvirlar xira va oq-qora bo‘lsa-da, bu voqea zamonaviy televideniye erasining boshlanishi sifatida tarixga kirdi. Aynan shu kundan boshlab insoniyat axborotni vizual qabul qilishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Foto: Goal.com

1963-yili futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli va ziddiyatli murabbiylardan biri — portugaliyalik Joze Mourinyo tavallud topdi. O‘zini «The Special One» (O‘zgacha) deb atagan mutaxassis faoliyati davomida «Portu», «Chelsi», «Inter», «Real Madrid» va «Manchester Yunayted» kabi grand klublarni boshqarib, ko‘plab milliy chempionatlar va Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi. Uning taktik qarashlari va matbuot anjumanlaridagi o‘ziga xos chiqishlari futbol olamida alohida fenomen hisoblanadi.

Foto: CNBC

2004-yili ijtimoiy tarmoqlar rivojida muhim bosqich bo‘lgan «Orkut» loyihasi ishga tushirildi. «Google» kompaniyasi xodimi Orkut Buyukkokten tomonidan yaratilgan ushbu tarmoq, ayniqsa, Braziliya va Hindistonda juda ommalashib, o‘z davrining eng faol onlayn hamjamiyatlaridan biriga aylandi. Garchi keyinchalik yopilgan bo‘lsa-da, «Orkut» zamonaviy ijtimoiy platformalar uchun o‘ziga xos poydevor vazifasini o‘tadi.

Foto: x.com

2020-yili jahon sporti ulkan judolikka uchradi — NBA afsonasi, «Los-Anjeles Leykers» sobiq yulduzi Kobi Brayant 41 yoshida fojiali tarzda halok bo‘ldi. Kaliforniyaning Kalabasas hududida shaxsiy vertolyotining qulashi oqibatida basketbolchi bilan birga uning 13 yoshli qizi Jianna va bortdagi yana 7 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Besh karra NBA chempioni va ikki karra Olimpiada g‘olibi bo‘lgan Brayantning o‘limi butun dunyodagi millionlab muxlislarni chuqur qayg‘uga soldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 25-yanvar sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.