
«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 16-yanvardan 23-yanvargacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,01 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 69,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+28,51%) va «Aloqabank»ning oddiy aksiyalarida (+25,40%) ham o‘sish qayd etildi. «O‘zsanoatqurilishbank» va «Ipoteka-bank» aksiyalari savdosi 21-yanvardan boshlab vaqtincha to‘xtatildi. Bunda narxlarning keskin o‘sish sabablari o‘rganiladi. 10 ish kuni davomida birjaning Main Board savdo maydonchasida ushbu ikki bankning oddiy aksiyalari mos ravishda 146,28 va 132,38 foizga oshgan.
Bundan tashqari,«Olmaliq KMK» (-1,71%) va «Biznesni rivojlantirish banki» (-1,16%) aksiyalari pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Uzbekinvest»ning aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Aloqabank» (1 829 ta bitim), «Hamkorbank» (1 771 ta) va «O‘zRTXB» (1 118 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (2,87 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (1,03 mlrd so‘m) va «Hamkorbank» (824,24 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 22 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, oltitasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 11,37 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq birjada «O‘zparavtotrans» AJning oddiy aksiyalari bilan savdolar vaqtincha to‘xtatilgandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 8-yanvardan 21-yanvargacha bo‘lgan davrda mazkur jamiyat aksiyalarining narxi 187,95 foizga oshgan. Qimmatli qog‘ozlar savdosi qoidalariga ko‘ra, birja ushbu o‘sishni tahlil qiladi.