Lifestyle

Fransiyada mushuk 5 oy ichida 250 km yo‘l bosib uyiga qaytdi

Filu ismli mushuk
Foto: Patrick Sire

Fransiyada yashovchi Filu laqabli mushuk besh oy davomida 250 kilometr yo‘l bosib, Ispaniya va Fransiya chegarasini kesib o‘tdi va oxir-oqibat o‘z egalariga qaytdi. Bu haqda Oddity Central nashri xabar berdi.

2025-yilning avgustida Patrick va Evelyn Sire Ispaniyaga sayohatdan qaytayotganda, Kataloniya hududidagi yo‘l bo‘yida joylashgan to‘xtash joyida mushuklari avtomobil oynasidan chiqib ketganini sezmay qolishadi.

Egalarining aytishicha, Filuning yo‘qolganini ular faqat bir necha soatdan keyin, Fransiya hududiga yetib kelgach bilgan. Darhol qidiruv ishlarini boshlash, mahalliy xizmatlarni xabardor qilish va kechqurun yo‘l bo‘yicha izlashga qaramay, mushukni topib bo‘lmagan. Vaqt o‘tishi bilan oila mushukning yo‘qolganini qabul qilgan.

Biroq 2026-yil 9-yanvarda qo‘shni Oms qishlog‘ida yashovchi Elen ismli ayol uyi oldida charchagan va sovuqdan titrab yotgan qora-oq mushukni topdi. U mushukni veterinar klinikasiga olib borib, mikrochipi orqali egalarining – Patrick va Evelyn Sire ma’lumotlarini aniqladi. Bazadagi kontaktlar eski bo‘lsa-da, ayol ko‘rsatilgan manzil orqali egalarni topishga muvaffaq bo‘ldi.

Patrick darhol Omsga borib, o‘z mushugi Filuni taniydi. Mushukning 250 kilometr masofani tog‘lar va yo‘llar orqali, chegara kesib qanday bosib o‘tgani hali ham sirli qolmoqda. Zoologlarning ta’kidlashicha, mushuklarning noyob fazoviy xotirasi ularga hid va tovushlar orqali uzoq masofalarga oriyentatsiya qilish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ko‘cha mushugining Formula 1’dagi sarguzashtlari haqida yozgandi.