Avto

Geely Emgrand 2025-yilda Qozog‘istonda eng ommabop model bo‘ldi

Keyingi o‘rinlarda Geely Coolray va Geely Atlas turibdi
Geely Emgrand 2025-yilda Qozog‘istondagi eng ommabop model bo‘ldi / Foto: Geely

Qozog‘istonda 2025-yilda Geely avtomobillari savdosi bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilindi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» nashri ma’lum qildi.

Eng ommabop model budjetli sedan Geely Emgrand bo‘lib, yil davomida jami 3398 dona sotilgan. Ushbu avtomobilning narxi qo‘shni mamlakatda 7,29 mln tengedan ($14,6 ming atrofida) boshlanadi.

Foto: Geely

Ikkinchi o‘rinda kompakt shahar krossoveri Geely Coolray joylashgan bo‘lib, uning 3259 dona nusxasi sotilgan. Bu Coolray’ning ikkinchi avlodi bo‘lib, Rossiyada taqdim etilgan Belgee X50’dan farq qiladi. Avtomobil narxi 9,69 million tengedan ($19,3 ming atrofida) boshlanadi.

Foto: Geely

Uchinchi o‘rinni Geely Atlas egallagan, yil davomida u 1597 dona sotilgan. Bu modelning narxi 11,29 mln tengedan ($22,6 ming atrofida) boshlanadi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, Geely Qozog‘istonda yangi avtomobillar savdosida TOP-10 ga kirgan, ammo faqat o‘ninchi o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Galaxy V900 gibrid miniveni Xitoyda sotuvga chiqarilishi haqida xabar bergan edik.