
26-yanvar – 1-fevral kunlari O‘zbekiston hududlarida, asosan, o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Ayrim kunlarda qor yog‘ishi, tuman tushishi va yo‘llarda yaxmalak yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda gidrometeorologiya xizmati ma’lumot berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik deyarli kutilmaydi, biroq 26 – 28-yanvar kunlari ayrim joylarda qor yog‘ishi mumkin. Shu kunlari yo‘llarda yaxmalak ehtimoli mavjud. Havo harorati dastlab kechalari 6–11 daraja sovuq, kunduzlari esa 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha bo‘ladi. 30-yanvardan boshlab kunduzgi harorat 5 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 27 – 28-yanvar kunlari qor yog‘ishi ehtimoli saqlanib qoladi, keyingi kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim joylarda shamol tezligi 20 m/s gacha kuchayadi. Kunduzgi harorat asosan 5–12 daraja iliq atrofida bo‘ladi, cho‘l hududlarda esa sovuqroq havo saqlanadi.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham 27 – 28-yanvar kunlari qor yog‘ishi ehtimoli bor. Ayrim hududlarda shamol tezligi 22–25 m/s gacha kuchayadi. Harorat kunduzlari 1–12 daraja iliq oralig‘ida o‘zgaradi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham 27 – 28-yanvar kunlari yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Keyingi kunlarda ob-havo, asosan, quruq bo‘ladi. Kunduzgi harorat 7–14 daraja iliqqacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Faqat 27 – 28 yanvar kunlari ayrim joylarda qor yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari 0–5 daraja sovuq, kunduzlari 4–9 daraja iliq bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida 27 – 28-yanvar kunlari qor yog‘ishi kutilmoqda. 26-yanvar kuni qor ko‘chishi xavfi mavjud. Harorat kechalari 8–13 daraja sovuq, kunduzlari esa 0–5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 25-yanvar kuni qaysi hududlarda yana qor yog‘ishi haqida yozgandi.