Hududlarda jamoat transporti uzluksiz ishlashi uchun gaz ta’minoti kuchaytirildi — Energetika vazirligi

eʼlon qilindi
25-yanvar kuni AGTKSH orqali maxsus texnikalar va jamoat transporti uchun 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan
Foto: Energetika vazirligi

Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida shahar ichi yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar uzluksiz ishlashi uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida jamoat transportiga birinchi galda gaz quyish tartibi joriy etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 25-yanvar kuni AGTKSH orqali maxsus texnikalar va jamoat transporti uchun 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bugun esa bu ko‘rsatkich 2,5 mln kub metrga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Amaliy choralar doirasida Farg‘ona viloyatida soat 12:00 dan 15:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 22 ta, Toshkent viloyatida esa soat 14:30 dan 17:30 gacha 20 ta metan gaz quyish shoxobchasi jamoat va kommunal xizmat transportlariga xizmat ko‘rsatgan. Qolgan hududlarda ham shu yo‘nalishda ishlar davom ettirilmoqda.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida quvurlardagi gaz bosimini oshirish imkoniyati paydo bo‘lib, ayrim hududlarda, jumladan, aholi xonadonlarida tabiiy gaz bosimi me’yoriy holatga keltirilmoqda. Jarayonlar viloyat hokimliklari hamda tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston 2025-yilda 1,2 million tonna benzin ishlab chiqargani haqida yozgandi.

Shuningdek