
2026-yil boshidan buyon Hyundai Motor aksiyalari keskin o‘sishni namoyish etdi. Bu haqda TASS ma’lum qildi. Yanvar oyidan beri kompaniya qimmatli qog‘ozlari 72 foizga qimmatlashdi.
Hyundai Motor’ning bozor kapitalizatsiyasi tarixda ilk bor 100 trln vonnadan, ya’ni qariyb $73,6 mlrddan oshdi. Bu ko‘rsatkich kompaniyani Janubiy Koreyada bozor qiymati bo‘yicha uchinchi o‘ringa olib chiqdi.
Kutilmagan o‘sish avtomobillar bilan bog‘liq emas. Investorlar e’tiborini Hyundai’ning sho‘ba kompaniyasi Boston Dynamics tomonidan taqdim etilgan yangi odamga o‘xshash Atlas roboti tortdi. Ushbu robot CES 2026 ko‘rgazmasida namoyish qilindi va aynan shu taqdimot aksiyalar bozorida jiddiy qiziqish uyg‘otdi.
Bozor ishtirokchilari Atlas robotlari ishlab chiqarishga joriy etilishi xarajatlarni keskin kamaytiradi deb hisoblamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta robotning narxi taxminan $136 mingni tashkil qiladi, yillik xizmat ko‘rsatish xarajatlari esa $9,5 ming atrofida. Robot deyarli sutka davomida ishlashi mumkin.
Taqqoslash uchun, bir nafar ishchi zavodga yiliga o‘rtacha $88,2 mingga tushadi va u kuniga 8 – 10 soat ishlaydi.
Hyundai rejalariga ko‘ra, 2028-yilga borib ishlab chiqarish jarayonlarida yiliga 30 mingtagacha robot ishga tushiriladi. Shuningdek, ushbu texnologiyalarni AQShdagi zavodlarda ham joriy etish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan sinov paytida yangilangan Hyundai Santa Fe yonib ketgani haqida yozgan edi.