Ilon Mask kosmosga chiqish xarajatlarini 100 baravar kamaytirmoqchi

Ilon Mask kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va robototexnika sohasidagi yaqin yillardagi rejalarini ma’lum qildi. Bu haqda Nypost nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, SpaceX 2026-yil davomida Starship kosmik kemasining to‘liq qayta foydalanilishini isbotlamoqchi. Bu kosmosga chiqish xarajatlarini 100 baravargacha kamaytirishi mumkin. Mask bu holatni qayta foydalaniladigan va bir martalik samolyot o‘rtasidagi farq bilan taqqosladi. Agar samolyot har parvozdan keyin tashlab yuborilsa, parvoz juda qimmatga tushadi, ammo faqat yoqilg‘i quyish bilan cheklansa, xarajatlar keskin kamayadi. Uning aytishicha, kelajakda kosmosga yuk tashish narxi bir kilogramm uchun $200 dan kam bo‘lishi mumkin.
Mask, shuningdek, yirik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish ancha arzonlashishini ta’kidladi. U kosmosdagi quyosh energiyasi Yerga nisbatan besh baravar samaraliroq ekanini, bunga doimiy quyosh nuri, ob-havo va fasllar ta’sirining yo‘qligi hamda atmosferaning energiyani susaytirmasligi sabab bo‘layotganini aytdi. Natijada, kosmosda quyosh panellari taxminan 30 foiz ko‘proq energiya ishlab chiqaradi.
U sun’iy intellekt rivojlanishidagi asosiy cheklov omil elektr energiyasi ekanini qayd etib, yil oxiriga kelib ishlab chiqarilayotgan mikrosxemalar soni ularni ishga tushirish imkoniyatlaridan oshib ketishi mumkinligini bildirdi.
Ilon Mask, shuningdek, kelajakda robotlar soni odamlar sonidan ko‘p bo‘lishini aytdi va ular inson ehtiyojlarining barchasini qondira olishini ta’kidladi. Uning prognoziga ko‘ra, 2026-yil oxiriga borib sun’iy intellekt insondan aqlli bo‘ladi, besh yil ichida esa butun insoniyatdan ustun darajaga chiqadi. Shu bilan birga, Tesla Optimus robotlari 2027-yildan oddiy foydalanuvchilar uchun sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maskning OpenAI va Microsoft’dan katta miqdordagi pul da’vo qilayotgani haqida xabar bergan edik.