Investitsiyalar

Jahonda oltin narxi 5 ming dollardan oshdi

Geosiyosiy keskinliklar va global moliyaviy xatarlar fonida
Jahonda oltin narxi 5 ming dollardan oshdi
Jahonda oltin narxi 5 ming dollardan oshdi / Foto: depositphotos

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 26-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:30 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $5 072 ni tashkil etdi.

CNBC nashriga ko‘ra, geosiyosiy keskinliklar va global moliyaviy xatarlar fonida investorlar xavfsiz aktiv sifatida oltinga faol murojaat qilmoqda. Mutaxassislar oltin narxining keskin oshishini Yaqin Sharq, Grenlandiya va Venesuela atrofidagi vaziyat bilan bog‘lamoqda.

HSBC tahlilchilariga ko‘ra, geoiqtisodiy xatarlarning kuchayishi oltin va kumush narxlarini yuqoriga tortmoqda. Kumush ham bundan mustasno bo‘lmadi. Uning narxi bir kunda 3 foizga oshib, bir unsiya uchun $106,1 ga yetdi.

Union Bancaire Privée tahlilchilari narxlarning ko‘tarilishi institutsional va chakana investorlar tomonidan barqaror talab bilan izohlanayotganini bildirdi. Bank prognoziga ko‘ra, yil oxirigacha oltin narxi $5,2 mingga yetishi mumkin.

Bundan oldin Goldman Sachs ham oltin bo‘yicha prognozini yangilagandi. Bank 2026-yil dekabriga kelib oltin narxi $5,4 ming bo‘lishini kutmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, global fiskal barqarorlik va makroiqtisodiy siyosatga oid xavotirlar uzoq muddatli bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, markaziy banklar tomonidan oltin xaridi yuqori darajada saqlanmoqda. Hozirda ular oyiga o‘rtacha 60 tonnaga yaqin oltin sotib olyapti, bu 2022-yilgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan ancha yuqori.