
Avvalroq O‘zbekistonda kichik AES qurilishi 2026-yil dekabriga qoldirilgani haqida yozgandik. Bu haqda «O‘zatom» agentligi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, avval e’lon qilingan muddatlar o‘z kuchida qoladi va hujjat loyihasida hech qanday muddatni ko‘chirish nazarda tutilmagan. Loyihada ko‘rsatilgan sana tayyorgarlik va litsenziyalashning barcha majburiy bosqichlari aynan shu muddatgacha yakunlanishini ta’minlovchi konservativ ssenariyni aks ettiradi.
«Birinchi beton quyish loyihasini amalga oshirishda muhim voqea bo‘lib, u keng yoritib boriladi. Shu bilan birga, biz ushbu faoliyat qay darajada javobgarlik talab qilishini anglab yetamiz va ushbu bosqichga faqat vakolatli organlardan zarur ruxsatnomalar va roziliklarning to‘liq to‘plamini olganimizdan keyingina kirishamiz», – deyiladi agentlik xabarida.
Agentlik loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirishni va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jadal ishlarni davom ettirishni ta’minlamoqda.
Ma’lumot uchun, avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida quriladigan kichik atom elektr stansiyasi (AES) qurilish maydonida birinchi beton quyishni 2026-yil martidan kechiktirmaslikni topshirgandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston kichik modulli va ko‘chma atom stansiyalarga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.