
Formula-1 afsonasi Mixael Shumaxer 2013-yilgi baxtsiz hodisadan keyin to‘shakka mixlanib qolgan edi. 57 yoshli sobiq chempion oradan 12 yil o‘tib nogironlik aravachasida sayr qila boshladi. Bu haqda The Sun xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, yetti karra jahon chempioni o‘zining Mayorka va Jeneva ko‘li yaqinidagi uylarida aravachada sayr qildirib turiladi. U hamon rafiqasi Korinna va maxsus tibbiy guruhning tunu kun nazorati ostida parvarishlanmoqda. Avvalroq poygachi faqat ko‘zini pirpiratish orqali muloqot qilishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud edi, biroq manbalar holat biroz boshqacharoq ekanini ta’kidlashgan.

«U atrofida bo‘layotgan voqealarning ba’zilarini tushunadi, lekin ehtimol hammasini emas», — deya iqtibos keltirgan manbalardan biri.
Shumaxer 2013-yilda Fransiyaning Alp tog‘larida chang‘i uchayotganda boshidan jiddiy jarohat olganidan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Uning qizi Gina-Mariyaning 2024-yilgi to‘yida ishtirok etishi haqida mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa-da, bu o‘z tasdig‘ini topmadi.
O‘tgan yili oilaning uch nafar sobiq xodimi Shumaxerning hozirgi holati aks etgan suratlarni tarqatish bilan tahdid qilgani uchun sudlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poyga afsonasi aviahalokatda halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.