
O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST) masalasida Xitoy Taypeyi bilan oxirgi marta 15-dekabrda muzokaralar o‘tkazgan. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning aytishicha, keyingi uchrashuv yanvar oxirida bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda u jurnalistlar bilan uchrashuvda Kursiv Uzbekistan savoliga javob berdi.
Urunovga ko‘ra, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni siyosiy emas, iqtisodiy muzokaralar maydoni hisoblanadi. Shu sababli bu jarayonda davlatlarning bir-birini siyosiy jihatdan tan olishi yoki tan olmasligi masalasi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmaydi.
«Xitoy Taypeyi bilan bizning muzokaralarimiz bugungi kunda faol tarzda kechmoqda va yaqin kelajakda ular bilan ham aniq kelishuvga erishishimizga aminmiz. A’zolik jarayonida bu siyosiy masalalar oʻrtaga qoʻyilmaydi. Asosan, bu oʻsha tashqi savdo va bozorga kirish shartlari bilan bogʻliq boʻlgan masalalar muhokama qilinadi», – deydi Urunov jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Uning fikricha, muzokaralarda asosan tashqi savdo, bozorga kirish shartlari, xizmatlar bozori va tariflar kabi iqtisodiy masalalar muhokama qilinadi. Siyosiy masalalar esa minimal darajada bo‘ladi.
«Biz deyarli hamma mamlakatlar bilan muzokaralarni yakunlab boʻlganmiz. Shu sababdan Xitoy Taypeyi tomoni ham bu bosimni oʻzida his qiladi va Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonida bitta tomoni bor: hech qaysi davlat oxirgi davlat boʻlishni xohlamaydi. Chunki koʻpchilik tomonidan bu oʻsha davlatning a’zoligiga toʻsiq sifatida baholanishi mumkin. Shuning uchun harakat qilishadi. Mana, oxirgi marta biz Xitoy Taypeyi tomoni bilan 15-dekabrda muzokaralarni oʻtkazgan edik va ular shu oyning oxiriga yana Jenevaga taklif qilishdi. Gaplashib olish masalasi boʻyicha ularning elchisi murojaati kelib tushdi. Yaqin kelajakda ular bilan muzokaralarni yakunlaymiz», – deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun 29 ta yangi qonun loyihasini tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi. Urunovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 34 ta JST a’zo davlatining 33 tasi bilan ikki tomonlama bozor kirish shartnomalarini yakunlagan, faqat Xitoy Taypeyi bilan muzokaralar qolmoqda. 2025-yilda respublika 30 ta normativ-huquqiy aktni qabul qilgan: qonunlar, prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va vazirliklar normativlari.