
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 10 mln so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank 26-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:41 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
Xususan, 5 grammli oltin quymaning narxi 9,793 mln so‘mdan 10,036 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 9,322 mln so‘mdan 9,554 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 9,228 mln so‘mdan 9,457 mln so‘mga ko‘tarildi.
Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish (qadog‘i but) | Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas) |
|---|---|---|---|
| 5 gramm | 10 036 000 so‘m | 9 554 000 so‘m | 9 457 000 so‘m |
| 10 gramm | 20 073 000 so‘m | 19 108 000 so‘m | 18 915 000 so‘m |
| 20 gramm | 40 146 000 so‘m | 38 216 000 so‘m | 37 830 000 so‘m |
| 50 gramm | 100 364 000 so‘m | 95 539 000 so‘m | 94 574 000 so‘m |
| 100 gramm | 200 728 000 so‘m | 191 078 000 so‘m | 189 148 000 so‘m |
Shu bilan birga, Markaziy bank xalqaro qimmatbaho metallar bozori konyunkturasidan kelib chiqib, narxlar kun davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Jahon bozorida ham oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 26-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:30 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $5 072 ni tashkil etdi.
CNBC nashriga ko‘ra, geosiyosiy keskinliklar va global moliyaviy xatarlar fonida investorlar xavfsiz aktiv sifatida oltinga faol murojaat qilmoqda. Mutaxassislar oltin narxining keskin oshishini Yaqin Sharq, Grenlandiya va Venesuela atrofidagi vaziyat bilan bog‘lamoqda.