
2025-yilda O‘zbekistonga olib kirilgan avtomobillar tarkibida elektromobillar mutlaq ustunlikka ega bo‘ldi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida import qilingan qariyb 80 mingta avtomobilning 56 mingdan ortig‘i elektromobillar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Jumaldan, o‘tgan yilda mamlakatga jami 79,8 mingta avtomobil import qilingan. Bu 2024-yilga nisbatan 7,1 foizga ko‘p. Shunga qaramay, importning umumiy qiymati 8 foizga kamayib, $1,17 mlrdni tashkil etgan.
Elektromobillar importi son jihatdan 2,4 baravarga oshib, ularning umumiy importdagi ulushi 71,2 foizga yetgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich atigi 32,3 foiz edi. Qiymat jihatidan elektromobillar importi $701 mlnni tashkil etib, barcha avtomobil importining qariyb 60 foizini egalladi. Bitta elektromobilning o‘rtacha narxi yil davomida 32 foizga oshib, $12 335 ga yetgan.
Benzinli avtomobillar importi esa keskin qisqargan. 2025-yilda 19, 9 ta benzinli avtomobil olib kirilgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan qariyb 40 foizga kam. Ularning importdagi ulushi 44 foizdan 25 foizgacha tushib ketgan. Shu bilan birga, benzinli avtomobillarning umumiy import qiymati $706,8 mlndan $388 mlngacha kamaygan.
Gibrid avtomobillar importida eng katta pasayish qayd etildi. Ularning soni 5,8 baravarga qisqarib, 17,5 mingtadan 3017 taga tushgan. Importdagi ulushi esa 23,5 foizdan 3,8 foizgacha kamaygan. Biroq gibrid avtomobillarning o‘rtacha narxi 38 foizga oshib, $26,8 mingga yetgan.
Tahlillarga ko‘ra, elektromobillar narxining oshishi 2025-yil 1-maydan boshlab utilizatsiya yig‘imining 2,3–4 baravarga ko‘tarilgani bilan bog‘liq. Xususan, dekabr oyida bitta import qilingan elektromobilning o‘rtacha narxi $17,6 mingdan oshgan.
Shuningdek, yilning so‘nggi oyida avtomobil importi keskin faollashgan. Dekabr oyida mamlakatga 2887 ta avtomobil olib kirilgan bo‘lib, bu noyabrga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaysi brendlar eng yaxshi avtomobillarni ishlab chiqarishi haqida yozgandi.