O‘zbekistonda kichik AES qurilishi 2026-yil dekabriga qoldiriladi

eʼlon qilindi
AES
Bu «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasida qayd etilgan
Foto: «O‘zatom»

O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi 2026-yil martidan dekabr oyiga ko‘chiriladi. Bu «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasida qayd etilgan bo‘lib, hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yilda katta quvvatli VVER-1000 reaktori va kichik quvvatli RITM-200N reaktori asosidagi integratsiyalashgan AESni qayta konfiguratsiyalashni inobatga olgan holda shartnomaga qo‘shimcha bitim ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bu borada «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan muzokaralar olib borilib, hujjat imzolanadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Jizzax viloyatida AES joylashadigan hududda qurilish-montaj bazasining birinchi bosqichi bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. Mazkur obyektlar 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi belgilangan. Shu bilan birga, O‘zatom, AES qurilishi direksiyasi hamda sanoat va yadro xavfsizligi bo‘yicha mas’ul idoralar AESni joylashtirish xavfsizligini asoslovchi loyiha hisobotini tayyorlab, ijobiy ekspertiza xulosasini olishlari lozim.

Kichik AES qurilishining amaliy boshlanishi — birinchi beton quyilishi 2026-yil dekabr oyiga belgilangan. Avvalroq prezident loyiha jadvalini tezlashtirib, birinchi betonni 2026-yil martida quyish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Biroq kechikish sabablari rasmiy ravishda izohlanmadi.

Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar AES uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish rejalashtirilmoqda. Bu jarayonda Geologiya vazirligi va «Navoiyuran» bilan birgalikda buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan xomashyoni yoqilg‘i ishlab chiqarishda qo‘llash imkoniyatlari ham o‘rganiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Rosatom»ga qarshi sanksiyalar O‘zbekistondagi AES loyihasiga ta’sir qilish yoki qilmasligi haqida yozgandi.

Shuningdek