
2025-yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6,3 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga yuqori.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda bu ko‘rsatkich 10,7 mln so‘mni tashkil etib, bir yil ichida 18,3 foizga oshdi. Eng past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo ( 4,4 mln so‘m), Surxondaryo (4,5 mln so‘m) viloyatlarida kuzatildi.
O‘z navbatida yuqori o‘sish sur’atlari Namangan viloyatida qayd etildi. Bu hududda o‘rtacha ish haqi 4,7 mln so‘mga yetdi va o‘sish 22,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida ish haqi 20,8 foizga, Jizzax viloyatida 20,5 foizga oshdi. Navoiy viloyatida ish haqi yuqori bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati 16 foiz bilan nisbatan pastroq bo‘ldi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlilda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida qayd etildi. Ushbu sohada ish haqi 17,6 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha ish haqi 15,2 mln so‘m bo‘ldi. Tashish va saqlash sohasida bu ko‘rsatkich 9,6 mln ming so‘mni tashkil etdi.
Eng yuqori o‘sish sur’ati san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etildi. Bu yo‘nalishda ish haqi bir yil ichida 26,4 foizga oshib, 5,44 mln so‘mga yetdi. Ta’lim sohasida ish haqi 20,1 foizga oshib, 4,4 mln so‘mni tashkil etdi.
Sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 7,5 mln so‘mga yetdi. O‘sish 16,7 foizni tashkil etdi. Savdoda ish haqi 6,9 mln so‘m bo‘lib, o‘sish 12 foiz darajasida qayd etildi. Qurilish sohasida bu ko‘rsatkich 6,5 mln so‘mni tashkil etdi va 9,1 foizga oshdi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida ish haqi 3,9 mln so‘mga yetdi.
So‘nggi besh yillik dinamikaga qaralsa, eng katta o‘sish bank va moliya sohasida kuzatildi. 2021-yilga nisbatan bu yo‘nalishda ish haqi 9,2 mln so‘mga oshgan. Axborot va aloqa sohasida o‘sish 9,7 mln so‘mni tashkil etdi. Tashish va saqlash sohasida ish haqi 5,5 mln so‘mga ko‘paydi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda qaysi soha vakillari oylik daromadi oshishini ko‘proq kutayotgani haqida yozgan edi.