Quyosh stansiyalari butun AQSh va Yevropani elektr bilan ta’minlashi mumkin — Mask

Ilon Mask quyosh energiyasi bo‘yicha yaqin rejalarini ma’lum qildi va uning jahon energetikasi uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu haqda Nypost nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 160×160 kilometr maydondagi quyosh elektr stansiyasi butun AQShni elektr energiyasi bilan ta’minlashga yetadi. Bu hudud AQShning umumiy maydonining juda kichik qismini tashkil etadi va barchasi bir joyda bo‘lishi shart emas. Mask, shuningdek, Yevropa uchun ham shunday imkoniyat mavjudligini aytdi. Masalan, kam aholi yashaydigan Ispaniya va Sitsiliya hududlarida Yevropaning barcha elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkin.
«Afsuski, AQShda quyosh energiyasiga boj tariflari juda yuqori. Bu sun’iy ravishda quyosh energiyasini joriy qilishning iqtisodiy samaradorligini pasaytiradi. Xitoy deyarli barcha quyosh panellarini ishlab chiqaradi. Biz, albatta, AQShning boj tarif siyosatini nazorat qila olmaymiz, ammo Xitoy boshqa mamlakatlar uchun juda arzon quyosh elementlarini ishlab chiqarmoqda», – dedi Mask.
Shuningdek, u quyosh energiyasi orqali barqaror va toza energiya manbalarini kengaytirishning global ahamiyati haqida gapirdi. Milliarder buni ekologik muammolarni kamaytirish hamda energiya mustaqilligini oshirish yo‘lida muhim imkoniyat deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask kosmosga chiqish xarajatlarini 100 baravar kamaytirmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.