Yangiliklar

«Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilov qamoqqa olindi

Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxs
Foto: Ma’ruza TV

«Rayxon oilaviy milliy taomlari» tarmog‘i ta’sischisi, Shayx Zayniddin va Xo‘ja Alambardor jome masjidlari sobiq imom-xatibi Odilxon Ismoilov jinoyat ishi doirasida qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Xususan, ularga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, mansab soxtakorligi, shuningdek hujjat va muhrlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.

Mazkur jinoyat ishi hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda. Sud jarayonida Odilxon Ismoilov va yana to‘rt nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, bir nafar shaxsga esa garov tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sud yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Odilxon Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, 2011–2018-yillar davomida Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va Shayx Zayniddin jome masjidi imom-xatibi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018-yilda u Musulmonlar idorasi tomonidan lavozimidan ozod etilgan.

Keyinchalik, 2019-yildan Vaqf xayriya jamoat fondida ishlagan, shu yilning fevral oyida Xo‘ja Alambardor masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. O‘sha yil sentabr oyida esa sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli o‘z arizasiga binoan lavozimidan bo‘shatilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmda «ko‘cha bezorilari» qo‘lga olingani haqida yozgandi.