
Serxio Ramos «Sevilya» futbol klubini sotib olish bo‘yicha asosiy aksiyadorlar guruhi bilan dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda Cadena SER nashrining Carrusel Deportivo dasturi xabar bermoqda.
Jarayonda Ramosga uning biznes hamkori, Five Eleven Capital guruhi vakili Martin Ink hamrohlik qilmoqda. Dastlabki kelishuvga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida eksklyuzivlik davri ochilgan bo‘lib, unda investorlar klubning moliyaviy holatini har tomonlama tekshirish imkoniga ega bo‘ladi. Manbalarning ta’kidlashicha, bu mish-mish emas, balki qat’iy takli va jarayon jiddiy tus olgan.
Xabarlarga ko‘ra, klubni sotib olish bo‘yicha taklif summasi 450 million yevroni tashkil etadi. 15-yanvar kuni Ramos, Peres Solano va klub aksiyadorlari o‘rtasida ikki soatdan ortiq davom etgan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda sobiq futbolchi o‘z loyihasini taqdim qilgan edi. Uchrashuvdagi ijobiy natijalar hozirgi kelishuvga zamin yaratgani aytilmoqda.
«Sevilya»dagi murakkab institutsional vaziyat va so‘nggi yillardagi qoniqarsiz sport natijalari Ramosni ushbu qarorga kelishga undagan. Agar bitim yakuniga yetsa, bu klub boshqaruvida, xususan, amaldagi rahbar Del Nidoning faoliyatida katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Yakuniy qaror bir necha oylik tekshiruvlardan so‘ng qabul qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikki yil oldin faoliyati tugatilgan «Metallurg» klubi qayta tiklangani haqida xabar bergan edi.