Lifestyle

TikTok’dagi mashhur bloger qiyofasini qariyb 1 mlrd dollarga sotdi

Khaby Lame
Foto: Republic world

TikTok tarixidagi eng ommabop bloger, 270 mln obunachiga ega Khaby Lame o‘ziga tegishli Step Distinctive Limited kompaniyasining bir qismini AQShning Rich Sparkle Holdings firmasiga $975 mlnga sotdi. Bu haqda Afrika insayderlari xabar berdi.

Bitim shartlariga ko‘ra, Rich Sparkle Holdings keyingi uch yil davomida Khaby Lame nomi bilan bog‘liq barcha daromad manbalarini global miqyosda eksklyuziv boshqarish huquqini qo‘lga kiritadi. Gap reklama, litsenziyalash hamda bloger brendi ostida mahsulotlar savdosini tashkil etish haqida bormoqda.

Shu tariqa endilikda Khaby Lamening daromadlari alohida reklama shartnomalariga emas, balki uning nomi atrofida shakllantirilayotgan umumiy biznes ekotizimining muvaffaqiyatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu kelishuv oddiy ulush xaridi emas, balki kontentga asoslangan global elektron tijorat modelida tub burilish hisoblanadi.

Bitimning eng innovatsion jihatlaridan biri – Khaby Lamening sun’iy intellekt asosida yaratiladigan raqamli egizaklariga rozilik bergani. Uning yuzi, ovozi va xatti-harakatlarini takrorlay oladigan bu SI nusxalar turli tillarda, sutkaning istalgan vaqtida jonli efirlar olib borishi va tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa bloger brendining qamrovi va daromad imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maryam Tillayaeva obunachilaridan $5 mlnlik samolyot sotib olishda yordam so‘ragani haqida yozgandi.