
Toshkent viloyatining Chinoz tumani va Bekobod hududida bir nechta giyohvandlik moddasi aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1980-yilda Bekobod shahrida tug‘ilgan ilgari giyohvandlik moddalari savdosi bo‘yicha sudlangan shaxs shartli xaridorga 200 gramm «gashish» moddasini 50 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Keyinchalik 1989-yilda tug‘ilgan hamshahri bilan 6,9 mln so‘m pul mablag‘ini bo‘lishayotgan vaqtida u ham ushlanib, yonidan 500 gramm «gashish» moddasi topildi. Ularga nisbatan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Boshqa holatda Bekobod tumanida «Cobalt» avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan shaxsning yonidan 600 gramm «opiy» moddasini olishdi. Aniqlanishicha, u ushbu moddani 1986-yilda tug‘ilgan tanishidan $5 ming va 5 mln so‘m evaziga sotib olgan.
Tezkor tadbir davomida uning yashash xonadonidan 1 kg 47 gramm, unga aloqador ikki shaxsdan esa 335 gramm «opiy» moddasi topildi. Ushbu moddalar Tоjikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani aniqlandi. Ularga JKning 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm va Andijonda jinoiy holatlar fosh etilgan edi.