
Xiaomi Mijia Smart Head Massage Comb nomli aqlli bosh massaj tarog‘ini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Qurilma allaqachon JD.com sayti orqali oldindan buyurtma berish uchun mavjud bo‘lib, boshlang‘ich narxi 509 yuan (taxminan $70), keyinchalik narx 599 yuan ($85)gacha oshadi.
Taroq 78 ta dumaloq uchli «oyoqlar» bilan jihozlangan bo‘lib, ular harakatlanib, professional massajchi barmoqlari harakatini taqlid qiladi. Qurilmada olti ish rejimi mavjud: yumshoq va bo‘shashtiruvchi massajdan tortib, isitish rejimiga qadar.
Grafenli issiqlik tizimi boshga yumshoq iliqlik beradi, qizil halqali yorug‘lik (640 – 660 nm) esa qon aylanishini yaxshilaydi. Qurilmaning korpusida 3 ml hajmdagi davolovchi serum rezervuari mavjud bo‘lib, suyuqlik 7 teshik orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri soch ildizlariga yetkaziladi.
Mijia Smart Head Massage Comb Mi Home ilovasi bilan sinxronlashadi, unda foydalanuvchi massaj intensivligini sozlashi, taymer o‘rnatishi va shaxsiy parvarish dasturlarini yaratishi mumkin. Qurilma IPX7 standartiga muvofiq suvdan himoyalangan va uni yuvish mumkin. Taroqning og‘irligi 280 gramm, 2000 mAh akkumulyator bilan bir marta to‘liq zaryadlashda 9 kungacha ishlaydi. Zaryadlash esa USB-C orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yangi Redmi Pad 2 Pro Harry Potter Edition’ni taqdim etgani haqida yozgandi.
