Xorazmda «Urganch—Xiva» yo‘nalishida pullik avtomobil yo‘li quriladi

eʼlon qilindi
Loyiha doirasida umumiy uzunligi 32 kilometr bo‘lgan yangi trassa barpo etiladi
Xorazmda «Urganch—Xiva» yo‘nalishida pullik avtomobil yo‘li quriladi
Фото: monticello/Depositphotos

Xorazmda transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Urganch—Xiva yo‘nalishida yangi pullik avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xiva hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, loyiha doirasida umumiy uzunligi 32 kilometr bo‘lgan yangi trassa barpo etiladi. Yo‘l mavjud avtomobil yo‘llariga muqobil bo‘lib, transport oqimini yengillashtirishi, safar vaqtini qisqartirishi va harakat xavfsizligini oshirishi kutilmoqda. Yo‘l to‘liq foydalanishga topshirilgach, undan pullik asosda foydalaniladi.

Foto: «Xorazm bugun» kanali

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi avtomobil yo‘li Urganch shahri hududidan boshlanib, aylanma yo‘nalish orqali Xiva shahriga tutashadi. Pullik trassa mavjud yo‘llardagi yuklamani kamaytirish, tirbandliklarni bartaraf etish hamda tranzit transport vositalarini aholi zich yashaydigan hududlardan chetlab o‘tkazishga xizmat qiladi.

Yangi yo‘l ishga tushirilishi Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnov sifatini yaxshilashi, yuk va yo‘lovchi tashish jarayonlarini tezlashtirishi hamda hududning investitsion va turistik jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, yo‘lning pullik asosda qurilishi uning doimiy saqlanishi, o‘z vaqtida ta’mirlanishi va xizmat ko‘rsatish sifati yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.

YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xiva shahriga olib boruvchi yangi trassa sayyohlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Safar vaqtining qisqarishi ichki va tashqi turizm oqimi oshishiga, shuningdek, hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha daromad kirishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurilishi haqida yozgandi.

Shuningdek