Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini taqiqlashning yakuniy muddatini e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyadan gaz importini 2027-yil oxirigacha to‘liq to‘xtatish bo‘yicha qonunni yakuniy tarzda ma’qulladi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Shu tariqa, Ukraina urushi boshlanganidan qariyb to‘rt yil o‘tib, YI Moskvaga energetik qaramlikni tugatish majburiyatini huquqiy jihatdan mustahkamladi.
Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda YI mamlakatlari vazirlari hujjatni qabul qildi. Slovakiya va Vengriya qarshi ovoz berdi, Bolgariya esa betaraf qoldi. Vengriya ushbu qarorni Yevropa Adliya sudida ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, YI 2026-yil oxirigacha Rossiya suyultirilgan tabiiy gazi (LNG) importini, 2027-yil 30-sentabrgacha esa quvur orqali yetkazib beriladigan gazni to‘xtatadi. Ayrim davlatlar qish mavsumiga tayyorgarlikda gaz zaxiralarini to‘ldirishda qiyinchilikka duch kelsa, bu muddat eng kechi bilan 2027-yil 1-noyabrgacha uzaytirilishi mumkin.
Rossiya 2022-yilgacha YI gaz ta’minotining 40 foizidan ortig‘ini tashkil etgan. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 13 foizgacha kamaydi. Shunga qaramay, ayrim YI mamlakatlari hanuz Rossiyadan gaz va boshqa energiya resurslarini xarid qilishda davom etmoqda.
Yangi qonun Rossiya gazi bo‘yicha yangi shartnomalar tuzishni taqiqlaydi. Amaldagi bitimlarga ega kompaniyalar esa ularni bekor qilishga majbur bo‘ladi. 2025-yil 17-iyungacha tuzilgan qisqa muddatli shartnomalar asosidagi LNG importi 2026-yil 25-apreldan, quvur gazi esa 2026-yil 17-iyundan taqiqlanadi. Uzoq muddatli shartnomalar esa belgilangan yakuniy muddatlargacha bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Talablarga rioya qilmagan kompaniyalarga yillik global aylanmasining 3,5 foizigacha jarima qo‘llanishi mumkin. Yevrokomissiya yaqin oylar ichida Rossiya nefti va yadroviy yoqilg‘isidan voz kechishga qaratilgan qo‘shimcha qonunchilik tashabbuslarini ham taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiya 2025-yilda Oʻzbekistonga gaz eksportini 30 foizga oshirgani haqida yozgandi.