Yangiliklar

2025-yilda 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi

Poytaxtda narkojinoyatlar soni 4 mingdan oshgan
2025-yilda 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi
2025-yilda 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi / Foto: depositphotos

2025-yilda 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi. Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda narkojinoyatchilik va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha mas’ullarda yetarli qat’iyat yo‘qligini tanqid qilindi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda narkojinoyatlar soni 4 mingdan oshgan. Qo‘lga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh tomonidan 1,3 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan.

Shu bilan birga, bu jinoyatlar uchun aybdor deb topilgan shaxslar jazoni yarmini ham o‘tamasdan ozodlikka chiqayotgani tanqid qilindi. Natijada narkojinoyatni takror sodir etganlar soni so‘nggi uch yilda 125 foizga oshgan.

Prezident administratsiyasi mazkur masalaga bevosita shug‘ullana boshlaganidan so‘ng vaziyatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgani qayd etildi. So‘nggi uch oyda respublika bo‘yicha qariyb 50 ta yirik narkoguruh fosh etilib, yarim tonnaga yaqin narkotik moddalarning muomalaga kirishi oldi olingan.

Davlat rahbari chet davlatlarda ham ayrim fuqarolarimiz uyushgan jinoiy guruhlar tuzib, vatandoshlariga nisbatan tovlamachilik va zo‘ravonlik bilan shug‘ullanayotgani, bu holatlar mamlakat obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida chet elda og‘ir ahvolga tushgan 3,7 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani, 192 nafar fuqaro esa odam savdosi qurboniga aylangani ma’lum qilindi. Bu borada oldini olish choralarini kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yig‘ilishda Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingani haqida xabar berilgandi. Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ayrim mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasini yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi.