
2025-yil yakunlariga ko‘ra, birja kotirovka varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilgan unikal investorlar soni 17 382 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagiga nisbatan 29 foizga kamaygan.
Savdolarda qatnashganlarning ko‘pchiligi, ya’ni 17 172 nafari jismoniy shaxslardir, yuridik shaxslar soni esa 210 tani tashkil qilgan. Yil davomida investorlarning faolligi turlicha kechdi. Eng yuqori ko‘rsatkich yil oxirida dekabr oyida qayd etilib, unda 4 263 nafar investor qatnashgan. Eng past faollik esa iyun oyiga to‘g‘ri keldi (3 075 nafar).

Yil boshida investorlar soni nisbatan yuqori bo‘lib, yanvar oyida 4 092 kishini tashkil etgan bo‘lsa, bahor va yoz oylarida pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, may oyida ko‘rsatkich 3 308 taga, iyulda esa 3 411 taga tushgan.
Kuz faslidan boshlab bozor ishtirokchilari soni yana o‘sishni boshlagan. Sentabr oyida 3 842 nafar investor qayd etilgan bo‘lsa, oktabr oyiga kelib bu raqam 4 174 taga yetdi. Yil yakunidagi o‘sish tendensiyasi bozorga qiziqishning mavsumiy tiklanishidan darak beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zsanoatqurilishbank» va «Ipoteka-bank» aksiyalari savdosi vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.