Banklar va moliya

2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltiradi — ekspertlar fikri

2026-yil oxirigacha oltin narxi bir unsiyasi $5400 gacha ko‘tarilishi mumkin
2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltiradi — ekspertlar fikri / Foto: SI
2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltiradi — ekspertlar fikri / Foto: Shutterstock

2025-yilda 65 foizlik o‘sishni qayd etgan oltin joriy yilda mazkur rekordni yangilashi kutilmoqda. Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha oltin narxi bir unsiyasi $5400 gacha ko‘tarilishi mumkin. O‘zbekistonliklarda ushbu qimmatbaho metallni ham onlayn, ham oflayn xarid qilish imkoniyatlari mavjud. Kursiv Uzbekistan joriy yilda oltinning «xavfsiz aktiv» sifatida qanchalik samarali bo‘lishi, qayerdan va qaysi davrda sotib olish eng foydali ekani haqida ekspertlar fikrini o‘rgandi.

Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

2026-yilda oltin narxiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar

2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltiradi — ekspertlar fikri
2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltiradi — ekspertlar fikri / Foto: Getty Images

2026-yilda oltin bozoriga bir nechta muhim omillar ta’sir qilishi kutilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari doktori Ikboljon Kasimovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, bu faqat inflyatsiya va dollar kuchsizlanishiga bog‘liq emas. Iqtisodchiga ko‘ra, oltin narxiga quyidagi to‘rtta omil ko‘proq ta’sir qilishi mumkin:

  • Birinchidan, markaziy banklar siyosati. Bunda, ko‘p mamlakatlar, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar, AQSh dollariga bog‘liqlikni kamaytirish uchun oltin zaxiralarini oshirayotgani oltin narxining ortishiga olib kelishi ehtimoli juda yuqori.
  • Ikkinchidan, foiz stavkalari va inflyatsiya kutilmalari. Agar inflyatsiya yuqori bo‘lib qolsa yoki stavkalar pasayish tomon yursa, oltin yanada jozibaliroq bo‘ladi, chunki u foiz to‘lamaydigan, lekin qiymatni saqlovchi aktiv hisoblanadi.
  • Uchinchidan, geosiyosiy va global iqtisodiy beqarorlik. Nizolar, sanksiyalar, savdo urushlari kabi omillar oltinga talabni oshiradi.
  • To‘rtinchidan, dollarning kuchi. Dollar zaiflashsa, oltin odatda qimmatlashadi, kuchayganda esa, qisqa muddatli bosim hosil qiladi.

Oltin narxi qanchaga oshadi

Foto: Discovery Alert

2025-yilda O‘zbekistonda quymalar narxi bir necha bor rekordni yangiladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professori To‘lqin Boboqulovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, buning ikki sababi mavjud. Birinchisi, dollarning kursi bir necha marta pasayishi kuzatildi, bu esa dollar bilan pul jamg‘aruvchilarni qo‘rqitib qo‘ydi. Ikkinchisi esa oltin quymalarini xorijga olib chiqishga ruxsat berildi.

Oltin narxining joriy yilda qaysi oraliqda bo‘lishi haqida har xil tahminlar mavjud. Ikboljon Kasimovga ko‘ra, yil davomida o‘rtacha narxi taxminan $4,600 – $5,100 atrofida bo‘lishi mumkin.

«2026-yilda oltin narxi sezilarli o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Shu sababli, narxni aniq bitta raqam bilan prognoz qilish qiyin, lekin uning yil davomida o‘rtacha narxi taxminan $4,600 – $5,100 atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, rekord darajadagi yuqori narxlar ham kuzatilishi mumkin. Bu, ayniqsa, geosiyosiy xavflar kuchayishi, markaziy banklar oltin xaridini davom ettirishi va bozorlar inflyatsiya xavotirlarini his qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin rekord narxlarga erishilgandan keyin qisqa muddatli korreksiyalar sodir bo‘lishi tabiiy hol hisoblanadi, chunki bu moliya bozorlarining oddiy harakati», — deya tushintirdi u.

Oltin joriy yilda qanchalik «xavfsiz aktiv»

Foto: «Zolotoy zapas»

Oltin xaridining asosiy afzalligi barqarorlik. Bu yerda muhim farq bor, ya’ni oltin tez boyish vositasi emas, u asosan qiymatni saqlash va xavfni kamaytirish uchun xizmat qiladi. 2026-yilda jahon iqtisodiyotida noaniqlik, siyosiy risklar va moliyaviy bozorlarda tebranishlar saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. Shu sababli, Kasimov oltin «xavfsiz aktiv» sifatida o‘z rolini yo‘qotmasligini ta’kidladi.

«Men iqtisodchi sifatida oltinni portfelni diversifikasiya qilish, uzoq muddatda inflyasiyadan himoya, xavfli davrlarda barqarorlik vositasi sifatida ko‘rishni to‘g‘ri deb hisoblayman», — deydi u.

Agar investor faqat aksiyalar yoki ko‘chmas mulkka sarmoya qilsa, bozor tebranishlari katta zarar keltirishi mumkin. Oltin esa bunday tebranishlarni yumshatadi. Professor To‘lqin Boboqulov ham oltin nega risk darajasi past aktiv sifatida ko‘rilish sababini tushuntirdi.

«AQSh dollarining nominal almashuv kursining volatillik darajasini oshishi oltinga bo‘lgan talabning oshishiga olib kelmoqda. Chunki, AQSh dollari asosiy rezerv valyuta hisoblanadi va oltin asosan dollarga sotiladi. Shu sababli, dunyoning ko‘plab markaziy banklari oltinni risk darajasi past bo‘lgan aktiv sifatida ko‘rishmoqda», — deydi iqtisodchi Boboqulov.

Oltinni qanday shaklda xarid qilish kerak

Foto: The Economic Times

2026-yilda investorlar uchun oltin xaridining bir nechta shakllari mavjud. Jismoniy quymalar va tangalar eng an’anaviy usul bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, xalqaro fond bozorlarida oltin bilan bog‘langan ETF’lar orqali sarmoya kiritish imkoniyati bor. O‘zbekistonda esa tijorat banklari orqali sotuvga chiqarilgan oltin quymalari va esdalik tangalarini oflayn (ba’zilarida onlayn) olish imkoni mavjud.

Fuqarolar va investorlar oltin xaridida maqsadni aniqlashi juda muhim. Ikboljon Kasimov agar maqsad investitsiya va likvidlik bo‘lsa, ETF yoki rasmiy moliyaviy vositalar eng qulay variant ekanligini ta’kidladi. Chunki ular oson sotilishi va narxining shaffofligi bilan ajralib turadi. Agar maqsad uzoq muddatli saqlash va ishonch bo‘lsa, quyma yoki tanga shaklidagi fizik oltin mos keladi, lekin bunda saqlash xarajatlari ham bor. Agar an’anaviy yoki iste’mol maqsadi bo‘lsa, zargarlik buyumlari afzal ko‘riladi, ammo bu investitsiya nuqtai nazaridan samarali variant emas.

«Iqtisodchi nuqtai nazaridan, kichik investor uchun ETF + kam miqdorda fizik oltin kombinasiyasi ko‘p holatda eng oqilona yechim bo‘ladi», — deydi Ikboljon Kasimov.

O‘zbekiston sharoitida o‘lchovli oltin quymalarni tijorat banklarining maxsus sotuv shoxobchalaridan yoki «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB Mobile) va «O‘zmilliybank»ning (Milliy 2.0) mobil ilovalari orqali onlayn xarid qilish mumkin. Kursiv Uzbekistan’ning aniqlik kiritishicha, «O‘zsanoatqurilishbank» va «O‘zmilliybank»dan tashqari boshqa banklarda hozircha onlayn olish xizmati mavjud emas.

Bundan tashqari, oltin quymalarni bankomat orqali ham sotib olish mumkin. Masalan, Tashkent City Mall savdo markazida Paynet kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan bankomat orqali 5, 10, 20, 50 va 100 grammli oltin quymalarni sotib olish imkoniyati mavjud. Bunda narxlar O‘zbekiston Markaziy bankining rasmiy kursi asosida belgilanadi.

Shuningdek, hozirgi paytda banklarda o‘lchovli oltin quymalar qoldig‘i bo‘yicha ma’lumotni ushbu havoladan olishingiz mumkin.

Oltin xaridida eng qulay vaqtni aniqlash

Foto: SI

Oltin xarid qilishning eng yaxshi vaqtini aniqlash juda qiyin, chunki aniq bir kun yoki vaqtni oldindan bilish mumkin emas. Shu sababli iqtisodchilar quyidagi yondashuvlarni tavsiya etadi:

  • Birinchidan, bo‘lib-bo‘lib xarid qilish (DCA – Dollar Cost Averaging) usulini qo‘llash. Bu usul narx o‘zgarishlaridan kelib chiqadigan riskni kamaytiradi, chunki xaridlar vaqt bo‘yicha tarqatiladi.
  • Ikkinchidan, makroiqtisodiy omillarni kuzatish zarur. Masalan, inflyatsiya, stavkalar pasayishi yoki geosiyosiy xavflar kuchayishi kabi.
  • Uchinchidan, keskin o‘sishdan keyin sabr qilish kerak. Ko‘pincha rekord narxlar ortidan qisqa muddatli pasayish kuzatiladi, va aynan shu davrda oltin sotib olish osonroq bo‘ladi.

Xavflar va cheklovlar

Oltin ham qimmatbaho metall sifatida mutlaqo xavfsiz aktiv emas. U doimiy daromad keltirmaydi. Aksiya kabi dividend, obligatsiya kabi foiz to‘lamaydi. Narx o‘sishi asosan bozor kayfiyatiga bog‘liq. Agar global iqtisodiyot barqarorlashsa va risklar kamayib ketsa, oltin narxi uzoq vaqt o‘smasdan qolishi mumkin.

Shuningdek, jismoniy oltin xarid qilganda saqlash va sug‘urtalash masalasi ham muhim. Bu qo‘shimcha xarajatlarni anglatadi.

Shu sababli 2026-yilda oltin xaridi qisqa muddatli spekulyatsiya uchun emas, balki uzoq muddatli barqarorlik va kapitalni saqlash maqsadida foydaliroq bo‘ladi. Agar investor portfelini muvozanatlashtirishni, inflyatsiyadan himoyalanishni va global noaniqliklardan sug‘urtalanishni istasa, oltin hali ham dolzarb aktiv bo‘lib qoladi. Ammo eng to‘g‘ri yondashuv barcha mablag‘ni oltinga emas, balki diversifikatsiyalangan portfel tarkibida undan oqilona foydalanish hisoblanadi.