
Chery kompaniyasi 27-yanvarda ilk to‘liq elektr pikapi — Hilma EVni rasman bozorga chiqardi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model Toyota Hilux’ga raqib sifatida pozitsiyalanmoqda.
Hilma olti xil komplektatsiyada taklif qilinadi. Narxlar $18,3 mingdan $22,7 minggacha belgilandi. Pikap ramali konstruksiyaga ega va orqa yetakchi hamda to‘liq yetakchi variantlarda sotiladi.

Avtomobil tashqi ko‘rinishda yirik radiator panjarasi va RELY logotipi bilan ajralib turadi. Kuzov standart va cho‘zilgan kuzov variantlarida taqdim etilgan. Yuk bo‘limi chuqurligi 1 530 mm yoki 1 810 mmni tashkil qiladi.
Salonida 15,6 dyuymli yoki 12,3 dyuymli markaziy ekran o‘rnatilgan. Yuqori to‘plamlarda adaptiv kruiz, qatorda harakatni ushlab turish va favqulodda tormozlash tizimlari mavjud.

Orqa yetakchi versiya 150 kW quvvatga ega. U 0 dan 100 km/soatgacha 8,8 soniyada tezlanadi. To‘liq yetakchi talqini 300 kW quvvat beradi va 0–100 km/soatni 5 soniyada oladi.
Hilma 66,54 kWh va 88 kWh akkumulyatorlar bilan taklif qilinadi. Yurish zaxirasi 405 km, 505 km yoki 510 kmni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery kompaniyasi ikkita modelini ommaviy qaytarib olayotgani haqida yozgan edi.