Avto

Chevrolet elektromobillari qanday sotilmoqda

Bu ko‘rsatkich brend bozorga yangi mijozlarni faol jalb qilayotganini ko‘rsatadi
Chevrolet elektromobillari
Foto: GMAutority

Chevrolet elektromobillari xaridi bo‘yicha hisobot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, xaridorlarning 75 foizi ilk bor EV sotib olmoqda. Bu ko‘rsatkich brend bozorga yangi mijozlarni faol jalb qilayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShning g‘arbiy hududlarida Chevrolet EV xaridorlarining 66 foizi birinchi marta elektromobil tanlagan. Janubiy markaziy hududlarda bu ulush 75 foizni tashkil etgan. Janubi-sharqda 78 foizga, shimoli-sharqda esa 74 foizga yetgan. Eng yuqori ko‘rsatkich shimoliy markaziy hududlarda qayd etilgan. Bu yerda xaridorlarning 83 foizi EV’ga ilk bor aynan Chevrolet orqali o‘tgan.

Foto: GMAutority

Kompaniya vakili Scott Bell so‘zlariga ko‘ra, Chevrolet endi benzinli model egalari o‘rniga EV xarid qilishni rejalayotgan yangi auditoriyani nishonga olgan. Uning ta’kidlashicha, EV bozorida qiziqish bildirayotganlar yetarli va Chevrolet ularning tanlov ro‘yxatida bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda Chevrolet bu maqsadni bir nechta modellari orqali amalga oshirmoqda. Equinox EV AQShda Tesla’dan tashqari eng ko‘p sotilgan elektromobilga aylandi. Shuningdek, Blazer EV va Silverado EV ham bozorda faol talabga ega.

Foto: GMAutority

Kompaniya 2027-yilda yangi Chevrolet Bolt modelini ham taqdim etishni rejalamoqda. U AQShdagi eng arzon yengil elektromobil sifatida yangi xaridorlarni jalb qilishi kutilmoqda.

Chevrolet uchun bu natijalar muhim ahamiyatga ega. Brend nafaqat o‘z auditoriyasini kengaytirmoqda, balki elektromobillar bozorining umumiy rivojiga ham hissa qo‘shmoqda. Kompaniya har bir yangi EV egasi orqali bozordagi ulushini bosqichma-bosqich oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri dunyodagi yagona Chevrolet avtomobili 2,6 million dollarga sotilgani haqida yozgan edi.