
Toshkent shahri Chilonzor tumanida o‘tgan yili oldini olish mumkin bo‘lgan 1,4 mingta jinoyat sodir etildi. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Asosan o‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati yetkazish va bezorilik qayd etilgan. Bu turdagi jinoyatlar ko‘proq tungi vaqtda sodir bo‘layotgani aytildi.
Shu sabab jamoat xavfsizligi kuchlari boshqaruvi yangicha tartibda tashkil etiladi. Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari 3 smenali tizimga o‘tadi.
Xodimlarning 70 foizi soat 17:00 dan tungi 03:00 gacha patrullik qiladi. Huquqbuzarlik bo‘yicha xabar kelib tushsa, patrul guruhlari voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib borishi shart bo‘ladi.
Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil etadi. Ular tunda to‘liq vakolat bilan mustaqil qaror qabul qiladi va javobgarlikni ham o‘z zimmasiga oladi.
Endilikda tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga jalb etilmaydi. Ularning faoliyati faqat vazir buyrug‘i bilan tartibga solinadi.
Yig‘ilishda mas’ul idoralar uyushgan jinoyatchilikka qarshi choralarni kuchaytirishi kerakligi aytildi. Narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha yondashuv o‘zgarishi lozimligi ta’kidlandi. Xodimlar dunyoqarashi yangilanmasa, natija bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu sabab ushbu to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Ishlar avvalo Toshkent shahrida boshlanadi.
Poytaxtda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha «poytaxt namunasi» joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. Masalaning muhimligi sabab prezident Administratsiyasi vakili ham bittadan tumanga biriktiriladi.
Huquq-tartibot oliygohlari muammolarni ilmiy yondashuv bilan hal qiladi. Ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar tumanda amaliyotga joriy etiladi. Oliy ta’lim muassasalari kafedralari olti oy davomida mahallalarda ishlaydi.
Ular «mahalla yettiligi» va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur asosida o‘qitadi. Huquq-tartibot oliygohlarining 3–4-kurs talabalari dual ta’lim asosida amaliyot o‘taydi. Amaliyot profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingani haqida yozgan edi.