Yangiliklar

Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olindi

«O‘zbekneftegaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida keng ko‘lamli tekshiruvlar olib borilmoqda
Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olindi
Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olindi / Foto: Xalqaro press-klub

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari «O‘zbekneftegaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida keng ko‘lamli tekshiruvlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik talon-torojlik holatlari aniqlangan.

Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ayrim mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasini yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli agentlik direktori Akmalxon Ortiqov lavozimidan ozod etildi.

Prezident korrupsiya yillar davomida davom etgan bo‘lsa, xavfsizlik va nazorat uchun mas’ul idoralar faoliyati ham savol ostida qolayotganini ta’kidladi. Davlat xavfsizlik xizmati raisiga «O‘zbekneftegaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bo‘yicha mas’ul xodimlarning javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek, Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayoniga Davlat xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassislarini jalb etish belgilandi. Davlat rahbari sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni chuqur tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh etish va jazo muqarrarligini ta’minlashni topshirdi.

Soliqda kimlar ishdan olindi

Yig‘ilishda Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimdjanov ishdan olindi. Ularning faoliyati o‘rganilib, qonun ustuvorligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalari boshliqlarini lavozimidan ozod etib, vaqtincha vazifani bajaruvchilarni tayinlash topshirildi. Qo‘mita raisi Farrux Po‘latov va yangi tayinlangan komplayens bo‘yicha o‘rinbosar Abdulaziz Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhit yaratish, soliq tizimiga vatanparvar va shijoatli yosh kadrlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev tadbirkorlarga soliqdan qochish bo‘yicha yo‘l ko‘rsatgani uchun ishdan olindi.

Abdulaziz Soliyev hamda Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan M. Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratish uchun mas’ul etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trln so‘mga yetgani xabar qilingandi.